“Adolatsizlikni zudlik bilan tuzatish zarur”. Mirziyoyeva 15 yashar qizni jinsiy aloqaga undaganlar ozod qilinganiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkentdagi maktablardan biridagi 15 yoshli o‘quvchi qizni jinsiy aloqaga majburlagan uch erkak shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi - Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z pozitsiyasini bildirdi.

“Voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkan uch kishi shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani haqida xabar topgach, qattiq tushkunlik va og‘riqni his qildim. Bu odamlar normal hayotga qaytishdi, yana bolalar bilan ishlashda davom etishmoqda. Bizning voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga doir qonunchiligimiz bolalardan ko‘ra ko‘proq jinoyatchilar haqida qayg‘uradi va mening fikrimcha, bu adolatsizlikni zudlik bilan tuzatish zarur”, deydi Mirziyoyeva.

Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalari bolalar va o‘smirlarni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarga javob bermaydi. Bunday jinoyatlar uchun, istisno tariqasida, ozodlikni cheklash yoki ahloq tuzatish ishlari tarzida jazo qo‘llanilmasligi kerak. Ushbu moddalarni kuchaytirish kerak, ularga barvaqt ozod bo‘lish imkoniyatisiz jiddiy muddatlar qo‘llanilishi lozim.

“Hozir esa haddan tashqari yengil jazolar potensial jinoyatchilarni qo‘rqitmaydi va turli “samosud”larga turtki bermoqda. Shuni yodda tutish kerakki, bolalar va o‘smirlarni manipulyatsiya qilish, ularni qo‘rqitish oson, ular o‘zlarining xatti-harakatlari uchun ongli ravishda javobgar bo‘lolmaydilar. Har qanday holatda ayb butunlay kattalarga yuklanadi. Keling, zo‘ravonlarga emas bolalarga g‘amxo‘rlik qilaylik. Bu sohaga doir qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zarur. Qancha tez bulsa, shuncha yaxshi”, deydi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari.

Voqea 2021 yil 27 aprelda ro‘y bergan. Shu kuni Toshkentdagi maktablardan birining jismoniy tarbiya o‘qituvchisi o‘z o‘quvchisini avvaldan ijaraga olingan kvartiraga olib borgan, u yerga ikki tanishini ham chaqirgan va ular qizni jinsiy aloqaga ko‘ndirgan.

Tergov bu jarayonda qiz qarshilik ko‘rsatmagan deb topib, jinoyatni guruh bo‘lib zo‘rlash moddasi emas, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddasi bilan malakalagan. Ona bergan apellyatsiya ko‘rib chiqilib, rad etilgan.

“Nemolchi” loyihasining Bosh prokuraturaga tayanib, ma’lum qilishicha, maktabda avval o‘qituvchi bo‘lib ishlagan (1991 yilda tug‘ilgan) X.A., 2021 yil 11 noyabr kuni JKning 128-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan 4 yil qamoq jazosiga hukm qilingan va muddat 2021 yil 4 maydan hisoblanishi ko‘zda tutilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2022 yil 7 maydagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 2 yil 11 oy 27 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Uning do‘sti, 1993 yilda tug‘ilgan G.B. sudning 2021 yil 11 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, JKning 128-moddasi 1-qismiga asosan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudining 2022 yil 12 maydagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 1 yil 5 oy 29 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Yana bir ishtirokchi 1994 yilda tug‘ilgan M.M.ga nisbatan sudning 2021 yil 11 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, JKning 128-moddasi 1-qismiga asosan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudining 2022 yil 12 maydagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 1 yil 5 oy 29 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

413

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing