“Adolat” “LUKOYL” mansabdoriga chora ko‘rilishini talab qilyapti
Jamiyat
−
13 noyabr 2019
5938Kecha, 12 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “LUKOYL” mansabdori ishchilarni haqorat qilgani tasvirlangan video tarqalgan edi. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi Qonunchiligiga zid ekanini eslatib, tegishli organlarda qonun ustuvorligini ta’minlashni talab qilyapti.
“O‘zbekiston “Adolat” SDP bu holat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 13-moddasidagi “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” degan me’yorga zid, deb hisoblaydi va shu sababli Jamiyat rahbariyati hamda tegishli davlat organlaridan bu masalaga oydinlik kiritib, qonun ustuvorligini ta’minlashni so‘rab qoladi.
Videotasvirdan yaqqol ko‘rish mumkinki, rahbar qo‘l ostidagi xodimlarni haqoratlab, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga hurmatsizlik bildirgan.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi videotasvirda gavdalangan holat yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borish, xizmat vakolati doirasidan chetga chiqqan mansabdor shaxsning jinoiy yoki ma’muriy javobgarlik masalasini muhokama qilish, natijasi haqida ommaga xabar berish zarurligini qayd etadi va bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi mas’ul davlat organlarining munosabatini so‘raydi”, deyiladi partiya saytida e’lon qilingan xabarda.
Rossiyaning “LUKOYL” kompaniyasi amaldori ishchilardan biri qo‘llanmaga nomuvofiq ishlagani uchun uni qo‘ylar podasi va boshqa og‘ir haqoratli so‘zlar bilan tahqirlaydi.
“Hech kim nazorat qilmaydi. Nega bu yerda qo‘ylar podasi bo‘lib turibdi? Qo‘llanmani nega yozdik? Keting uyingizga, qishlog‘ingizga”, deya ishchilarni kamsitgan “Lukoyl” mansabdori.
Xalqaro ommaviy axborot vositalari tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, videodagi “tili shirin” amaldor “LUKOYL” Uzbekistan Operating Co bosh energetigi Ivan Aleksandrovich Shilov. Shuningdek, haqoratlangan ishchilar o‘zbek mansabdorlariga shikoyat qilganida hech qanday chora ko‘rilmagani ta’kidlangan.
Mazkur videoda tasvirlangan holat yuzasidan hozircha hech bir rasmiy davlat idorasi tushuntirish bermadi.
LiveBarchasi