“Adolat”ga adolatsizlik bo‘ldimi? Partiya bayonot bilan chiqdi
Jamiyat
−
24 dekabr 2019
8311Joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlari uchun o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, “Adolat” sotsial-partiyasi qonunchilik palatasida 21 o‘rinni egallab, umumiy reytingda uchinchi bo‘ldi.
Alohida ta’kidlash o‘rinliki, saylovoldi kampaniya nuqtai nazaridan ko‘pchilik “Adolat” SDPning hukmron partiyadan keyingi o‘rinni egallashini kutgan edi. Boisi, “qovun tushirish”lar saylov o‘tgunga qadar birgina “Adolat” SDPda ko‘zga tashlanmadi. Partiya esa o‘zining uchinchi o‘rinda qayd etilganiga quyidagicha munosabat bildirdi.
“To‘rda o‘tirganingda, “U nega bu yerda?”, deb aslida pastdan joy egallashing kutiladigan holatga tushma, balki poygakdan qo‘nim topganingda “Nega bu yerda o‘tiribsiz?”, deya ajablanib, aslida davra to‘rini senga munosib deb o‘ylanadigan darajada bo‘l”, degan naql bor.
Xalqimiz, jurnalistlar tomonidan "Nega "Adolat" yuqoriroq o‘rinni olmadi?" deya berilayotgan savollar og‘riqli bo‘lsa-da, ayni vaqtda kayfiyatimizni ko‘tarmoqda. Hali hammasi oldinda...
Parlamentda nechta o‘rin olishimizga qaramay saylovoldi berilgan va’dalarni bajarish, xalqimiz muammolarini bartaraf etish uchun kurashamiz.
Kimlar uchundir jang tugagandir, ammo "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi uchun hammasi endi boshlanmoqda...
Xalqimizning Adolatga bo‘lgan ishonchi, e’tirofini oqlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiramiz.
Saylovoldi tashviqotda biz bilan birga bo‘lgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga, blogerlarga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz!
Adolat yo‘lidagi hamkorligimiz bardavom bo‘lishidan umidvormiz...”
Eslatib o‘tamiz, 22 ta saylov okrugida hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmagan, shu sababli takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.
LiveBarchasi