O‘quvchilar mashinada YTH sodir etgani ortidan vazirlarga so‘rov yuborildi
Jamiyat
−
24 aprel 2025 7393 3 daqiqa
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov mamlakatda avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshirish holatlari va buning oqibatida kelib chiqayotgan og‘ir vaziyatlar yuzasidan jiddiy tashvish bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Rustamovich Mahkamov hamda Ichki ishlar vaziri Aziz Anvarovich Toshpo‘latovga deputat so‘rovi bilan murojaat qildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, deputat o‘z so‘rovida so‘nggi yillarda fuqarolarga sifatli servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, ayrim “tadbirkorlar” inson hayoti va sog‘lig‘idan o‘z manfaatlarini ustun qo‘yib, belgilangan qoidalarni chetlab o‘tayotganiga e’tibor qaratgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 dekabrdagi 1015-son qarori bilan tasdiqlangan “Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizom” talablari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Ushbu nizomga ko‘ra, transport vositalarini ijaraga berish faoliyati bilan faqat qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar shug‘ullanishi va ijarachidan, albatta, tegishli haydovchilik guvohnomasi taqdim etilishi shart.
“Biroq partiyadoshimiz ta’kidlaganidek, amalda bu talablarga har doim ham rioya etilmayapti. Bunga misol sifatida so‘nggi kunlarda Namangan viloyatida yuz bergan bir qator ayanchli hodisalar keltirilgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, “Namangan yezda moshina” kabi Telegram guruhlari orqali yuqoridagi qaror talablariga zid ravishda, hatto voyaga yetmagan va transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarga ham avtomobillar ijaraga berilmoqda.
Bu esa, o‘z navbatida, og‘ir yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, 2024 yil 2 oktyabr kuni Namangan shahrida 5 nafar o‘quvchiga noqonuniy ijaraga berilgan Gentra avtomashinasi ishtirokidagi YTH oqibatida uch nafar o‘smirning hayotdan bevaqt ko‘z yumgani achinish bilan qayd etilgan.
“Deputatimiz bunday noqonuniy faoliyat mamlakatimizning boshqa hududlarida ham uchrayotgan bo‘lishi mumkinligi va ularning harakatlariga o‘z vaqtida huquqiy baho berilmasligi yanada mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Ismoilov Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovdan quyidagi masalalarga oydinlik kiritishni so‘ragan:
-
Birinchidan, avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshiruvchi shaxslarni barvaqt aniqlash borasida qanday ishlar qilinmoqda?
-
Ikkinchidan, aniqlangan qonunbuzarlarga nisbatan qanday choralar ko‘rilmoqda?
-
Uchinchidan, bu kabi huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
-
To‘rtinchidan, mazkur masala yuzasidan vazirlarning shaxsiy nuqtai nazari qanday?
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 aprel kuni Namangan viloyatining Davlatobod tumanida maktab o‘quvchilari boshqaruvidagi Nexia-3 yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgandi. Surishtiruv ishlari davomida ma’lum bo‘lishicha, 11-sinf o‘quvchisi avtomobilni 9-sinf o‘quvchilariga 2 soatga, 220 ming so‘m evaziga ijaraga bergan.
Live
Barchasi