Ularning jazo olgani marhumni yaqinlariga qaytarib bermaydi – Narimon Umarov Andijondagi shafqatsizlik haqida

Jamiyat

image

Adolat, adolat, adolat... Bu O‘zbekistonda so‘nggi yillarda eng ko‘p ishlatilayotgan so‘zlardan biri. Biroq, so‘z amalda ifodasini topsagina sayqal topadi, qadri ortadi. Inson huquqlarini har narsadan ustun qo‘yish davlatning eng asosiy prinsiplaridan biri bo‘lishi kerak. Yangi deya ta’riflanayotgan O‘zbekiston ham shu yo‘lni tanlagan edi. Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Yanvar oyida Chiroqchida, kuni kecha Andijonda yuz bergan shafqatsizliklar adolat huquq-tartibot organlari davrozasini xatlab o‘tolmayotganini ko‘rsatdi. 

Eslatish o‘rinsizdir, ammo aytish kerak: Andijonda Ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosida Jinoyat qidiruv bo‘limi vakillari tomonidan shafqatsizlarga qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimov shifoxonada jon berdi. Holat ortidan uch nafar Ichki ishlar xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ular qamoqqa olindi. IIBning 5 xodimi lavozimidan ozod etildi, 19 nafariga nisbatan jazo tayinlandi. 

Uch kishining xatti-harakati shuncha xodimning jazolanishiga sabab bo‘ldi. Gap yana borib adolatga taqaladi. Adolat, adolat, adolat... Jamiyatdagi bu kabi adolatsizlarni ko‘ra-bilib turgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Narimon Umarov qamash, jazolash bilan Ichki ishlar tizimini o‘zgartirib bo‘lmaydi degan fikrda. Siyosatchi o‘z chiqishida shunday deydi: 

“So‘nggi yillarda barcha sohalarda o‘zgarishlarni ko‘rayapmiz. Adolatni ta’minlovchi organlar faoliyatida ham ma’lum bir yangiliklar bo‘lmoqda. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini yangi tizimga o‘tkazish har qancha gapirilmasin, kimlardir bu ta’kidlarni o‘ziga singdira olmayotgani achinarli hol. 

Andijon viloyatidagi IIB xodimlarining hatti-harakati ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan e’tirozga sabab bo‘layotgani bejiz emas. 

Binobarin, ularning noo‘rin munosabati asnosida kasb sha’ni oyoq osti qilinibgina qolmadi, balki bir inson eng oliy huquqi yashash ne’matidan mosuvo bo‘ldi. Shu bilan birga mamlakat rahbariyati va aholimizning davlatning xalqaro imidjini yaxshilash uchun qilayotgan ko‘p sonli harakatlariga putur yetdi.

IIB mas’ullarining maqsadi bir bo‘lishi lozim – haqiqatning tagiga yetish va fuqarolarni himoya qilish. Ammo inson huquqlarini toptash orqali adolatga erishib bo‘lmaydi, fuqarolarni do‘pposlash ularni himoya qilish hisoblanmaydi.

Afsuski, IIV bunday hollarga “Bu yangilik emas” deb qarashga odatlanib qolgan. 

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar tizimining faoliyatini tubdan takomillashtirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etilgan.

Shunday ekan, biz bu kabi ko‘ngilsiz holatlarga kechiktirmay barham berilishi, mudhish illatlar odatiy holdek qabul qilinmasligi tarafdorimiz”. 

Narimov Umarovning fikricha, bugun qabul qilinadigan jazolar ortidan marhum qaytib kelmaydi, oilaning dardi ham yengillashmaydi. Bu masalaga tizimli yondashib, vaziyatni chuqur tahlil qilib, so‘ng rejaviy asosda ish yuritish kerak. 

“Albatta, tegishli mutasaddilar tomonidan  aybdorlar jazosini olishi kerak. Lekin, ularning jazo olgani marhumni yaqinlariga qaytarib bermaydi yoki bunday holat boshqa takrorlanmaslik kafolatini bermaydi. Ya’ni ichki ishlar tizimida islohotlar natijadorligi zamon talablariga mos emas. 

Bu holat boshqa takrorlanmaslik uchun kimnidir javobgar qilish, kimnidir ishdan bo‘shatish, kimgadir intizomiy chora bilan cheklanish emas, tizimli islohotlar, yangilanishlarni amalga oshirish lozim. Bunda tergov organlarining idoraviy manfaatdorligini barataraf etish, ular mustaqilligini ta’minlash, jarayonlarni shaffoflashtirish lozim. 

Eng asosiysi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunda “Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashdan, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat” ekanligi to‘g‘risidagi norma IIV faoliyatining eng asosiy tamoyiliga aylanishi lozim”, deydi partiya rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Adolat SDP

Baholaganlar

203

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing