Natijadan qoniqmadik – “Adolat” SDP raisi

Intervyu

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi kampaniya yuritish borasida yuqori natijalarni egallaganiga qaramasdan, saylovda parlamentda bor-yo‘g‘i 21 ta o‘rinni egallab, umumiy reytingda O‘zLiDep va “Milliy tiklanish”dan ortda qoldi. QALAMPIR.UZ “Adolat” partiyasi lideri Narimon Umarov bilan saylov natijalari haqida suhbatlashdi. 

“Bu endi xalqning irodasi, tanlovi. Biz uni hurmat qilamiz. Albatta, biz (natijadan) qoniqmadik. Bu degani biz qo‘limizni pastga tushirmaymiz. Faqat olg‘a ketamiz. 22ta o‘rin uchun kurashamiz. Ikkinchidan bizning g‘oyalarimiz juda zo‘r. Bular xalqning ichidan chiqqan fikrlardir. Biz eng zo‘r deputatlik korpusini yaratganmiz. Kuchli, professional deputatlar. Ularning ko‘plari 5-10 yildan beri ishlab kelmoqda. Ularga yana qaytadan ishonch bildirilib saylanganlari bor. Biz son jihatidan bo‘lmasa ham, sifat jihatidan qonunchilik palatasida, viloyat, shahar va tuman kengashlarida o‘zimizning deputatlar guruhimizni tuzdik. 

Biz oldimizga rejalar qo‘ydik. Ayniqsa, farzandlarimiz oliy ma’lumotli bo‘lishi, sud tizimini isloh qilish, qolaversa, tibbiyot bo‘yicha bir qator qonunlarni, albatta, joriy qilamiz. Bunga ikkilanmasdan xalqimizga aytamizki, albatta, biz berilgan va’dalarni bajarishga harakat qilamiz”, deya ta’kidladi Narimon Umarov.

Siyosiy partiya rahbari shuningdek kadrlar masalasiga ham to‘xtaldi. 

“Bizda kadrlar sifati juda yaxshi. Biz albatta matbuot xizmatini ko‘paytirishimiz kerak. Albatta, 25-30 deputat bo‘lishiga erishsak, mablag‘imiz oshadi. Xalq bilan muloqotni kuchaytirishimiz kerak. Partiyaning g‘oyalari zo‘r, lekin xalqqa yetkazib berish hali yetarli emas. O‘ylaymanki, buni biz amalga oshiramiz. Saylovdan so‘ng, buni oddiy tizimli hal qilamiz.

Bizga yaxshi kadrlar kelsin. Qanchalik partiyaga xayrixoh, qanchalik faoliyatni bilishi bo‘yicha komissiyamizdan o‘tadi. Bizda jurnalistlar, iqtisodchilar bor. Men o‘zim ekolog bo‘lib keldim. Bu degani eshigimiz hech kimga berk emas”, deydi partiya raisi. 


Maqola muallifi

Teglar

Narimon Umarov O'zLiDep

Baholaganlar

183

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing