Hayit namozining bekor qilinishi siyosatning dinga aralashishimi?

Intervyu

Xabaringiz bor, 2020 yilda Ramazon hayiti 24 may kuni nishonlanadi. Koronavirus pandemiyasi sabab joriy yilda hayit namozi masjidlarda o‘qilmaydigan bo‘ldi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi bayramni uyda, oila davrasida nishonlashni tavsiya qildi.

Hayit namozining masjidlarda o‘qilmasligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lib, ko‘pchilik buni siyosatning dinga aralashuvi deb baholay boshladi. Bu masalada fikr-mulohazalarini bilish uchun “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov bilan suhbatlashdik.

“Koronavirus pandemiyasi fikrlashga, o‘zini ustida ishlashga va qadriyatlarimizni qayta ko‘rib chiqishga undadi. Mening e’tiborimni tortgan narsa, fuqarolarimiz qonun va qoidalarga bo‘ysunadigan bo‘ldi. Xabaringiz bor, koronavirus tarqalishining birinchi kunlarida ko‘p fuqarolarimiz karantin qoidalariga bo‘ysunmay, amal qilmay o‘zini erkin tutdi. Lekin vaqt o‘tishi bilan bu juda og‘ir musibat, sinov ekanini ko‘rdik, qonun-qoidalarga amal qilsa, yaxshi natijaga erishishini xalqimiz sezdi.

O‘zbekistonda ushbu kasallik ancha chekindi, jilovlandi. 85 foizdan ortiq bemorning tuzalgani ham tartib-qoidalarga rioya qilinsa, natija bo‘lishini ko‘rsatdi.

Janubiy Koreya va Yaponiyada kasallikka qarshi kurashda yaxshi natijalarga erishildi. Yaqin kunlarda biz ham o‘sha davlatlar darajasiga yetib boramiz. Bizda ham kasallik chekinyapti, jilovlanyapti.

Biz pandemiya davrida Navro‘z bayramini, Xotira va qadrlash kunini o‘tkazdik. Ertaga Ramazon hayitini ham chiroyli qilib o‘tkazamiz. Xalqimiz to‘g‘ri tushunadi deb o‘ylayman. Muftiy Usmonxon Alimov ham aytdi uyda duolar qilib, namozlar o‘qishning aybi yo‘q.

Bugunga kelib, xalqimizning fikrlari, hayotga munosabati o‘zgardi. O‘zining sog‘ligiga, ota-onasi, qarindoshlariga alohida e’tibor bera boshladi. Hayitda qariyalarni, xoji ota, xoji onalarimizni, kasallarimizni borib ko‘rish odati bor edi.

Bugun masofadan ham tabriklab qo‘ysa bo‘ladi. Shuning uchun, har bir fuqaro vaziyatdan kelib chiqib, o‘z uyida, farzandlari bilan bo‘lib tartib qoidalarga rioya qilsa, jamiyatimizda sog‘lom sharoit yaratiladi. Keyingi bayramlarni pandemiyasiz o‘tkazishga ishonaman”, dedi Narimon Umarov.

Eslatib o‘tamiz, Musulmonlar idorasi hayitni nishonlash bo‘yicha fatvo chiqarib, unda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini o‘qish ham mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘lishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

hayit Narimon Umarov

Baholaganlar

188

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing