Adliya vazirligi yil davomida nimani qoyil qildi? So‘z Davletovga

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga yo‘llagan Murojaatnomasida tadbirkorlarni ko‘p qiynaydigan soha –litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy o‘zgartirish haqida topshiriqlar berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi, yil davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Adliya vaziri Ruslanbek Davletov hisobot berdi. Quyida ushbu hisobotning muhim tezislarini o‘qishingiz mumkin. 

Vazirga ko‘ra, joriy yilning 24 avgust kuni litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan. 

Qayd etilishicha, Farmon bilan litsenziyalanadigan va ruxsatnoma olish talab etiladigan faoliyat yo‘nalishlari soni sezilarli ravishda qisqartirildi.

Inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlarini litsenziyalashdan chiqarib tashlash hamda xavflilik darajasi past bo‘lgan faoliyatlarni tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazilgan. Bunda “tartibga solish gilotinasi” usulini qo‘llash orqali ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingan.

Farmonga ko‘ra qariyb 70 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 34 ta ruxsatnomalarni bekor qilish yoki muqobil shakllarga o‘tkazish nazarda tutilgan.

Litsenziya va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik sub’ektlarining yiliga qariyb 40 mlrd. so‘m mablag‘lari iqtisod qilinib, o‘z ixtiyorida qoldiriladi.

Sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etildi.

Xabarnoma yuborishda jismoniy hamda yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi va ularning faoliyati belgilangan talablarga muvofiq kelishini o‘zlari tasdiqlaydi. Bunda faoliyatni boshlash yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ hujjatlarni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilinmaydi.

Vazirga ko‘ra, Farmon bilan 14 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 13 turdagi ruxsatnomalar xabardor qilish mexanizmiga o‘tkazilgan.

“Xususan, maktabgacha ta’lim, lombard, veterinariya davolash, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish kabi faoliyatlarini vakolatli organlarni xabardor qilish orqali boshlash mumkin bo‘ladi.

Xabardor qilish tartibini yagona standart asosida amaliyotga joriy etish maqsadida ushbu sohani tartibga soluvchi yagona nizomni ishlab chiqdik va Hukumatga kiritdik.

Bu orqali barcha vakolatli organlarning huquqni qo‘llash amaliyotini bir xilligini ta’minlaymiz”, deydi Davletov.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, Farmon bilan saqlab qolinayotgan litsenziya va ruxsatnomalarning biznes jarayonlari va ma’muriy tartiblarning keng ko‘lamli yengillashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Litsenziya talab va shartlari raqobatni cheklovchi qoidalar, ya’ni tovar va xizmatlar bozoriga kirib kelishga to‘siq bo‘luvchi omillarni qisqartirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilgan.

Jumladan, 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan hamda 14 turdagi faoliyatlar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilgan. 

“Masalan, kredit byurosini ochish uchun litsenziya olishda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talab bekor qilindi, ayrim faoliyat turlari uchun ustav fondi miqdoriga qo‘yiladigan minimal talablar olib tashlandi hamda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlashtirishni ixtiyoriy etib belgilandi.

Shuningdek, davlat unitar korxonalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirish huquqi bekor bo‘ldi”, deydi vazir. 

Vazirga ko‘ra, Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi.

Buning uchun “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilib, barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, ko‘rib chiqish va uni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

“Vakolatli organlarga murojaat qilish, hujjatlarni topshirish faqat elektron amalga oshirilishi belgilanyapti.

Tadbirkordan ortiqcha hujjatlarni taqdim etishga chek qo‘yiladi. Litsenziya berish uchun boshqa organning ma’lumotnomasi yoki boshqa hujjati kerak bo‘lsa tadbirkor ishtirokisiz vakolatli organning o‘zi yagona tizim orqali oladi”, deydi Adliya vaziri.

Farmon bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarni maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechib, QR-kod qo‘yilgan elektron hujjatlar taqdim etishga to‘liq o‘tiladi.

Mazkur ishlar natijasida, ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishdagi korrupsion holatlarning yuzaga kelishi cheklanadi, tadbirkorlarning Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlari iqtisod qilinadi, davlatning maxsus blankalarni olishga bir yilda yo‘naltiradigan 13 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lari tejaladi va qariyb 3,5 mln. dona qog‘oz sarflanishi oldi olinadi.

“Ma’lumot o‘rnida aytmoqchimanki, hozirda “Litsenziya” axborot tizimini ishlab chiqish ishlari yakuniy bosqichga keldi va 2021 yil 1 yanvardan ishga tushiriladi. Tizim orqali avvalo biz uchun yangi institut bo‘lgan xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish jarayonlari to‘liq elektronlashtirilmoqda”, deydi mamlakat bosh yuristi.

Qolaversa, ruxsat berish tartib-taomillariga doir munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni tizimlashtirish, kodifikatsiyalash va normativ yukini qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.

Bunda 20 yil avval qabul qilingan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi, shuningdek “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarni birlashtirish orqali yagona qonun loyihasi ishlab chiqildi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Shuningdek, litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish tartiblarining pasportlari joriy qilinmoqda. Pasportlarni ishlab chiqish natijasida tadbirkor katta hajmli nizomlar bilan tanishib o‘tirishga zarurati qolmaydi. Faoliyatni amalga oshirish uchun asosiy ma’lumot va talablar bitta hujjat – pasportlarda aks ettiriladi. 

Xususan, xabardor qilish tartiblarining pasportlari ishlab chiqilgan bo‘lib, litsenziya va ruxsatnomalarning pasportlarini tayyorlash ishlari deyarli yakunlanib qoldi.

“Ta’kidlash lozimki, Farmon bilan litsenziyalash va ruxsat berish tizimi islohotini bir martalik emas, balki davomli va natijali qilish uchun zamin yaratilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda ushbu sohani keskin yengillashtirishga qaratilgan va barcha masalalarni kompleks qamrab olgan juda muhim, yangi va zamonaviy yechimlarga ega hujjatdir.

Farmonni hayotga tatbiq etish orqali litsenziyalash va ruxsat berish tizimi shaffofligi ta’minlanadi, ma’muriy tartib-taomillar birxillashtiriladi (unifikatsiyalanadi) biznes va davlat organlarining mas’uliyati oshirilishiga olib keladi, ushbu munosabatlarda korrupsion imkoniyatlarga qarshi kuchli zarba bo‘ladi”, deydi vazir.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi Ruslanbek Davletov

Baholaganlar

23

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing