Adliya vazirligi so‘m ramzi atrofidagi bahslarga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Kecha, 3 iyun kuni O‘zbekiston milliy valyutasi – “so‘m”ning ramzi tasdiqlangani e’lon qilindi. Buning ortidan ramz “IN-CORE systems” fransuz kompaniyasining logotipidan o‘g‘irlangani haqida keskin munozaralar boshlandi. Holat yuzasidan Adliya vazirligi munosabat bildirdi.

Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ushbu holatga intellektual mulk ob’ektidan, xususan, tovar belgisidan noqonuniy foydalanish sifatida baho berilmoqda.

Adliya vazirligining qayd etilishicha, “IN-CORE systems” kompaniyasining belgisiga o‘xshash bo‘lgan belgilar dunyoning bir qator davlatlarida (AQSH, Kanada, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya va Hindiston) ham foydalanib kelinadi.

“Intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi territorial (hududiy) xarakterga ega. Boshqacha aytganda, intellektual mulk obekti ma’lum bir davlat hududida huquqiy himoyadan foydalanadi. Shu jumladan, tovar belgisi ham tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng huquqiy muhofazaga ega bo‘ladi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Ta’kidlanishicha, Fransiya “IN-CORE systems” kompaniyasining belgisi O‘zbekiston Respublikasida tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va muhofaza qilinmagan.

“Ushbu holatga mualliflik huquqi nuqtai nazaridan qaralsa, adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida Bern konvensiyasi va milliy qonunchiligimizga muvofiq mualliflik huquqi yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi va uning yuzaga kelishi hamda amalga oshirilishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar) mualliflik huquqi obektlari hisoblanmaydi. 

Shuni ta’kidlash joizki, mazkur belgini tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va muhofaza qilish maqsadida Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinmagan. Agar, ushbu belgini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinsa, holat ekspertlar tomonidan to‘liq o‘rganilib, tegishli tartibda xulosa beriladi”, deya yakunlanadi vazirlik izohi.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi so'm

Baholaganlar

351

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing