Adliya vazirligi OAV sarlavhalari ortidan quvishni qachon to‘xtatadi?

Jamiyat

image

Kuni kecha "Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar" munozara klubi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda Adliya vaziri Ruslan Davletov davlat tili haqida o‘z fikrlarini o‘rtoqlashgan edi. Vazirning nutqida aytgan so‘zlari asosida QALAMPIR.UZ saytida Adliya vaziri: “Ishchi tili – rus tili, ilojimiz yo‘q” nomli xabar e’lon qilindi.

Unda vazir qonun loyihalarini tayyorlashda xorijlik mutaxassislar bilan birgalikda ishlanayotganligi, rus tili ishchi til ekanligini aytganligi bayon etilgan. Ushbu nutqda aytilgan gap sarlavhaga olib chiqilgandi. 

Vazirlik raddiyasi

Ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng, tashkilot tomonidan raddiya e’lon qilindi. Raddiyani vazirlik Matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva o‘zining Telegram sahifasiga joylashtirdi. Unga ko‘ra, bu gapni kontekstdan uzib olgani sababli, umuman qonun hujjatlarini ishlab chiqish uchun ishchi til rus tilidir, degan noto‘g‘ri ma’noni keltirib chiqaruvchi sarlavha xabarga qo‘yilgan. Bu esa fuqarolarda noto‘g‘ri xulosalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda – degan so‘zlar aks etgan. Shuningdek, vazirning so‘zlari noto‘g‘ri berilganligi ta’kidlangan va bir necha qonunlardan misollar keltirilgan.

“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasida raddiya berish huquqi belgilangan. Bu bo‘yicha har kimning o‘z huquqlari mavjud va tahririyat buni qo‘llab-quvvatlaydi. Lekin shu o‘rinda savollar paydo bo‘ladi: butun matndagi ma’no faqatgina sarlavhaning o‘zida keltirilishi majburiy ekanligi biror qonun normasida keltirilganmi? Kontekstdan yulib olib noto‘g‘ri talqin etish masalasi tartibga solingan xujjat mavjudmi? Bu ish muomalasi odatlaridan kelib chiqib bajariladi. Jurnalistikaga oid bunday qoidalarda sarlavha tayyorlash texnikalari mavjud va bu holatda mushtariyga muallif so‘zidan misol keltirish qaysi etika normalariga zid? Keling, asosiy nizoga sabab bo‘layotgan jumlalar bo‘yicha tahririyat va vazirlik bergan axborotni solishtiramiz.

QALAMPIR.UZ xabarida: 

“Mana biz fuqarolik kodeksini ishlab chiqyapmiz. 10dan ortiq xorijlik mutaxassislar ishlamoqda. Ishchi tili – rus tili, ilojimiz yo‘q. Avvalari normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zbek tilida bo‘lishini talab qilishardi. Hozir endi loyihani talab qilishni boshlashdi. Bu to‘ppa-to‘g‘ri talab. Biz ham shunga intilyapmiz. Buni yanada nazoratga olamiz. Siz o‘ylaganni biz 10 barobar ko‘p o‘ylaymiz. Lekin bizda davlat tilini Adliya vazirligi nazorat qilmaydi. Bunda bizda vakolat yo‘q”, – deydi Davletov.

Adliya vazirligi raddiyasida:

“Mana biz ham bu yil Fuqarolik kodeksini ishlayapmiz. U yerda o‘ndan ortiq xorijlik ekspertlar bor. Ishchi tili – rus tili, ilojimiz yo‘q. Chunki u siz ishchi guruhda ishlayotgan bo‘lsa... Loyiha to‘g‘risida gap ketyaptida... Oldin hamma normativ-huquqiy hujjatlar rus tilida derdik, boshqa derdik. Hozirda loyihani talab qilishni boshlandi (davlat tilida). To‘ppa-to‘g‘ri talab. Biz ham shunga intilyapmiz”. 

Ushbu jumlalarda ma’no jihatidan qanday farq mavjud?

“Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida “Jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida axborotni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish” kabi huquqlari keltirib o‘tilgan. Tahririyat tomonidan e’lon qilingan xabarda esa vazirning so‘zlari o‘zgartirilmay sarlavhaga olib chiqilgan. 

Raddiya xulosa qismida – “Yuqoridagilarni e’tiborga olib, Adliya vazirligi “Qalampir.uz” nashrini mansabdor shaxsning sha’ni va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi hamda jamoatchilik fikrini chalg‘ituvchi axborot tarqatmaslikka chaqiradi” degan jumlalar keltirilgan. Tahririyat ushbu masalada vazirlik tomonidan aniqlik kiritilishini so‘raydi. Qaysi ma’lumotlar mansabdor shaxsning sha’ni va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi va jamoatchilik fikrini chalg‘ituvchi axborot deya baholangani biz uchun muhim. 

Adliyaning axborot maydonidagi “kuchlari”

Mayli, bu savollar va fikrlar o‘z yo‘liga. Hammaning bir holatga qarashi turlicha va har kimning o‘z talqini bor. Biroq, uni e’lon qilishda ham odob nuqtai-nazaridan ish yuritish lozim. 

Raddiya avval aytganimizdek, Sevara O‘rinboyevaning shaxsiy kanalida e’lon qilindi. So‘ngra, vazirlik rasmiy saytiga ham joylangan. Biroq, tomosha keyin boshlandi...

Shundan so‘ng, raddiya matni Telegram messenjeridagi @huquqiyaxborot sahifasida e’lon qilindi. Ko‘pchilikka o‘zining qonunchilikdagi o‘zgarishlar va axborotlar tarqatishi bilan ma’lum bo‘lgan bu sahifaning vazifasi nima o‘zi? Kanalning o‘zida “Yangi qonun hujjatlari, huquqiy islohotlar haqida tezkor ma’lumotlar taqdim etuvchi kanal” deya ta’riflangan. Endi bu raddiyani qonun hujjati yoki huquqiy islohotlar haqida tezkor ma’lumot deb hisoblasak bo‘ladimi?

Jahon xamjamiyatida bir so‘zga OAV tomonidan turli rakursdan qarash kuzatiladigan holat va hozirgi zamon rahbarlari buni to‘liq anglaydi. Bir masala yuzasidan taraflar fikrlari o‘xshash bo‘lmaslik ehtimoli yuqori.  Biroq fikrni qayerda va qanday e’lon qilish muhimdir. Adliya vazirligi o‘zining xolis kontentlaridan sub’ektiv maqsadlarda foydalanmasligini so‘rab qolamiz. Adliya vaziri Ruslan Davletovning matbuotda faolligini kuzatib boramiz. Oliy Majlisi Senatidagi va matbuot anjumanlaridagi o‘tkir nutqlarini yoritib borishda davom etyapmiz. Vazir o‘rnak bo‘layotgan vaqtda, uning qo‘l ostidagilar ham munosib bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.


Maqola muallifi

Teglar

OAV Adliya vaziri

Baholaganlar

69

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing