Adliya vaziri muxolifatdagi “Erk”chilar bilan uchrashdi(mi)?
Jamiyat
−
14 yanvar 2020
9522Yaqinda muxolifatdagi “Erk” partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslan Davletov bilan uchrashgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda joriy yilning 10 yanvar kuni “Erk” partiyasi Bosh kotibi yetakchiligidagi 5 kishilik guruh vazir qabulida bo‘lgani, uchrashuv Davletov tashabbusi bilan tashkil qilingani bayon qilingandi.
Erkchilarga ko‘ra, Adliya vaziri tashabbusi bilan o‘tkazilgan bu uchrashuvda vazir partiya vakillariga "Erk" partiyasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinligini bildirgan.
Uchrashuv davomida “Erk” partiyasi vakillari Adliya vazirining partiya nizomini ro‘yxatdan o‘tkazish taklifini rad qilgan. Ularning fikricha, partiya nizomi 1991 yilning sentyabrida rasman qayd etilgan va u bekor qilingan emas.
Ushbu xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Adliya vazirligining Matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva bilan bog‘landi. Unga ko‘ra, joriy yilning 8 yanvar kuni vazir nomiga A.Turg‘unov, A.Atanazarov va boshqa jami 5 kishidan iborat fuqarolar nomidan murojaat kelib tushgan. Unda partiya faoliyatini kayta tiklash va vazir qabuliga kirish so‘ralgan.
Vazirlik rahbariyatining qabul grafigiga (vazir har juma kuni shaxsan fuqarolarni qabul qiladi) asosan joriy yilning 10 yanvar kuni ushbu murojaat mualliflari ham qabul qilingan.
“Ular uchrashuv Adliya vaziri tashabbusi bilan o‘tkazilgan deyishmoqda, lekin bu ma’lumotlar noto‘g‘ri. Aslida ularning yozma arizasiga ko‘ra, umumiy tartibda, fuqarolar qabul kunida vazir ularni qabul qilgan.
Vazir murojaat qilib kelganlarga, bugungi kunda O‘zbekiston hududida “Erk” nomi bilan partiya yo‘qligini bildirgan. Shundan kelib chikib, vazir ular aytgan partiyaning faoliyatini tiklash bo‘yicha huquqiy asoslar yo‘qligini ma’lum qilgan”, deydi Sevara O‘rinboyeva.
Ma’lumot o‘rnida, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston siyosatida muxolifatga yo‘l berilishi haqida ilk bor 2019 yilning 27 dekabrida gapirgandi.
Mirziyoyev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabdagi yoshlar bilan uchrashuvda muxolifat O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi deya ritorik savol qo‘ygandi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda muxolifat muhokama qilinmoqda. U bizga qanday foyda keltiradi? Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman. Biroq u o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratishimiz kerak. Bu shaxslar xalqning dardini bilishi, ular bilan barcha muammolarni boshidan kechirishi va shu yerning nonini yeb, suvini ichishi kerak”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidentining bu gaplari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kuzatuvchilari O‘zbekistonda 22 dekabrdagi parlament saylovi nisbatan erkinroq o‘tgan bo‘lsa-da, tizimdagi o‘zgarishlar muxolifatning o‘rnini to‘ldira olmaganini aytganidan so‘ng yangragandi.
22 dekabr kuni esa O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov birinchi marta muxolifatdagi “Erk” va “Birlik” tashkilotlari nomini tilga olgandi.
LiveBarchasi