Abramovich “Chelsi”ni sotdi
Sport
−
07 may 2022
21794Rossiyalik milliarder Roman Abramovich “Chelsi” futbol klubini amerikalik investorlar konsorsiumiga 4,25 milliard funt sterlingga sotish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda klub saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, bitimning umumiy summasidan 2,5 milliard funt sterling “Chelsi” aksiyalarini sotib olishga sarflanadi.
“Ushbu tushum 100 foiz xayriya qilish maqsadida Buyuk Britaniyadagi muzlatilgan bank hisob raqamiga o‘tkaziladi”, degan Roman Abramovich.
Bayonotda aytilishicha, Buyuk Britaniyadagi muzlatilgan bank hisob raqamidan pul o‘tkazish hukumatning roziligini talab qiladi.
Ta’kidlanishicha, yangi xo‘jayinlar klub rivojiga 1,75 milliard funt sterling miqdorida qo‘shimcha sarmoya kiritadi. Aytilishicha, savdo rasman yakunlanishidan oldin amerikalik investor Buyuk Britaniya hukumati va Angliya Premer-ligasidan ruxsat olishi kerak.
“Britaniya rasmiylari klubni sotish uchun yangi litsenziya berishi kerak, chunki eskisi 31 mayda tugaydi”, deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, LA Dodgers beysbol komandasi sherigi va Eldridge Industries asoschisi Todd Bouli konsorsiumning “Chelsi”dagi asosiy vakili bo‘lishi kutilmoqda, ammo eng katta ulush Amerikaning Clearlake Capital xususiy investitsiya kompaniyasiga tegishli bo‘lishi ham mumkin.
Abramovichning “Chelsi”ni sotishga urinayotgani Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldi. Mart oyi boshida Buyuk Britaniya rossiyalik milliarderga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi. Roman Abramovichning aktivlarining muzlatilishi uning klubni sota olmasligini va “Chelsi”ning qiyinchiliklarga duch kelishini anglatardi. Natijada mamlakat hukumati Abramovichga uni sotish uchun vaqtinchalik litsenziya berdi.