Abramovich “o‘rtakashlik” qilmoqchi bo‘ldi – Zelenskiy (video)

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik milliarder Roman Abramovich Kiyevga kelib, u bilan uchrashganini va tinchlik istiqbollari bo‘yicha Kremlga xabar yetkazishni taklif qilganini ma’lum qildi. U bu haqda “Sky News” kanaliga bergan intervyusida aytgan.   

Bu Zelenskiyning Abramovichni Ukraina poytaxtiga tashrif buyurgani va ma’lum darajada muzokaralar jarayonida ishtirok etganini birinchi marta rasman tasdiqlashi bo‘lgan. Shu bilan birga, Ukraina hukumati rahbari Donbass mintaqasidan voz kechmasligini yana bir bor ta’kidlagan.

“U Kiyevga keldi. U menga: “Men siz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilmoqchiman. Sizdan xabar olib, uni Vladimir Putinga yetkazmoqchiman”, dedi. Ammo u bu jarayon har qanday ommaviy bayonotlarsiz, jimlikda amalga oshirilishi kerakligini aytdi”, degan Zelenskiy.

Ukraina Prezidentining ta’kidlashicha, mazkur uchrashuv maxfiy bo‘lmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Kiyev nimalarga tayyor ekanini bilishni istagan.

“Men unga masala bizda emasligini aytdim. Siz bizning hududimizda bizga qarshi urush olib bormoqdasiz. Men unga Donbass haqida gapirdim va bu asosiy xabar edi. “Biz o‘z hududimizdan chiqib ketmaymiz. Yo‘q, biz sizga bunday yo‘l bilan g‘alabani bermaymiz. Siz bunday g‘alabaga erisha olmaysiz”, dedim men unga”, deb aytgan Zelenskiy.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bir necha bor Moskva, Kiyev Donbassdan voz kechmaguncha jangovar harakatlarni to‘xtatishga tayyor emasligini bildirgan. Donbass – Donetsk va Lugansk viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Hozirda Ukraina kuchlari Donetsk viloyati hududining taxminan beshdan bir qismi ustidan nazoratni saqlab turibdi. Zelenskiy esa avval ham, hozir ham bu hududlar va u yerda yashovchi o‘n minglab ukrainaliklardan voz kechmasligini ta’kidlab kelmoqda.

Ukraina Prezidenti intervyu davomida Rossiya yoki Belarus hududida Putin bilan uchrashish ehtimolini ham yana bir bor rad etgan. Shu bilan birga, u muzokaralarni boshlashning eng tez yo‘li sifatida front chizig‘idagi mavjud holat bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Biroq bu hududlardan voz kechishni anglatmasligini qayd etgan.

“Ha, bu eng tez yo‘l. Ammo biz urushni shunday tarzda tugatishni istaymizki, keyin u yana qaytib kelmasin. Masala faqat jangovar harakatlarni muzlatib qo‘yishda emas. Eng tez yo‘l – ularni to‘xtatish va jarayonni diplomatik maydonga o‘tkazishdir”, degan Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, Roman Abramovich – Angliyaning “Chelsi” futbol klubining sobiq egasi hisoblanadi. U Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishi ortidan joriy etilgan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Abramovich urushning ilk haftalarida jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz yakunlangan muzokaralarda hamda Qora dengiz orqali g‘alla tashish bo‘yicha kelishuvda muhim rol o‘ynagan edi. Biroq keyingi davrda uning ishtiroki ko‘zga tashlanmay qolgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar jarayonini boshlash va davlat rahbarlarining shaxsiy uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilgan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy Abramovich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing