Abdusattorov jahon reytingida top-10'ga kirgan birinchi o‘zbekistonlik shaxmatchi bo‘ldi
Sport
−
28 fevral
4687O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Butunjahon shaxmat reytingida kuchli o‘ntalikka kirdi. Bu haqda shaxmat reytinglarini hisoblab boradigan 2700chess.com sayti xabar berdi.
Ayni kunlarda o‘zbekistonlik shaxmatchi Chexiya poytaxti Pragada o‘tkazilayotgan “Prague Chess Festival 2024” turnirida ishtirok etmoqda. Musobaqaning 1-turida Abdusattorov mezbon shaxmatchi Day Van Nguyen ustidan g‘alaba qozondi.
Nguyenni mag‘lubiyatga uchratgach, 19 yoshli Abdusattorov tarixda birinchi marta shaxmat reytingida top-10'ga kirgan o‘zbekistonlik grossmeyterga aylandi. Hozirga kelib Abdusattorov reytingda 2753.5 ochko to‘plagan.
Qayd etish joiz, g‘alaba Nodirbekka reytingda shaxmat bo‘yicha 5 karra jahon chempioni, hindistonlik Vishvanatan Anandni ortda qoldirishga zamin yaratdi. Bungacha o‘zbekistonlik shaxmatchilar ichida eng yaxshi natija Rustam Qosimjonovga tegishli bo‘lib, u 2715 ochko bilan dunyo reytingida 11-o‘rinda egallagan.