Abdulla Aripov poytaxt amaldorlarini qattiq tanqid qildi
Jamiyat
−
28 mart 2019
12713Joriy yilning 26 mart kuni Toshkent shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, Davlat byudjeti daromadlari manbalari bo‘yicha 2019 yil 1 chorak yakunida kutilayotgan natijalar hamda byudjetga tushumlar borasida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, yig‘ilishda 2019 yil 1 chorakda Davlat byudjeti daromadlari reja ko‘rsatkichi 4 trln. 485 mlrd. so‘m miqdorida tasdiqlangan bo‘lib, 2019 yil 25 mart kuni holatiga reja ko‘rsatkichi 3 trln. 683 mlrd. so‘mga yoki 82 foizga bajarilganligi ta’kidlandi.
Tasdiqlangan Davlat byudjeti daromadlari daromadlar tushumi rejasi ijrosi Uchtepa tumanida 67 foiz, Mirobod tumanida 69 foiz, Bektemir tumanida 74 foiz, Yunusobod tumanida 76 foiz, Mirzo Ulug‘bek tumanida 77 foiz, Shayxontohur tumanida 83 foiz hamda Sergeli tumanida 83 foizni tashkil etgan.
Reja bajarilishida qoloqlikka yo‘l qo‘yilganligi uchun Mirobod, Uchtepa tumanlari hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari, ushbu tumanlarning davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari qattiq ogohlantirildi.
Shayxontohur tumanida Davlat byudjet daromadlarining tushum rejasi bajarilishida qoloqlikka yo‘l qo‘yilganligi va boshqa kamchiliklar uchun tuman hokimi va uning birinchi o‘rinbosari, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga xayfsan e’lon qilindi.
Shuningdek, 1 chorak natijasi bilan tushum rejasi bajarilmagan taqdirda Toshkent shahri tumanlarining 4 ta sektor rahbarlari hamda tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ularga nisbatan qat’iy jazo choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan Bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev tomonidan tumanlardagi ma’sullarning faoliyati qattiq tanqid qilindi va Toshkent shahrida 1 chorak daromadlar tushumi rejasini mart oyining oxirigacha bajarish uchun 801,9 mlrd. so‘m miqdorida tushumni qolgan qisqa muddatda amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
LiveBarchasi