Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)
Tahlil
−
21 fevral 2020
1320312019 yilning dekabrida QALAMPIR.UZ tahririyatiga Umid Eshonqulov, Abdumalik Abdullayev va boshqa advokatlar ularning himoyasidagi shaxslarga Bosh prokuratura xodimlari tergovda qiynoqlar o‘tkazgani va buni jamoatchilikka yetkazish lozimligi haqida murojaat qilgandi. Sud majlislarida qatnashayotgan muxbirimiz aynan mazkur “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha ko‘rilayotgan muhim bir sud majlisiga ham kiritilmagandi. 2 oydan ortiq vaqt davomida o‘tkazilgan jurnalistlik surishtiruvlarimiz natijasini sizlarga taqdim etishni joiz deb bildik.
Ma’lum bo‘lishicha, 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangan. Ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Barcha voqea shundan boshlangan. Ularning aytishicha, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgan. Tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagan, boshlariga “sellofan” paket kiydirgan, sovuq xonalarda yechintirgan, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgan. Tergovchilarga yoshi katta va ayol kishi degan tushunchalar begona bo‘lgan. QALAMPIR.UZ tergovda jabrlanganlar va ularning advokatlari bilan suhbatlashdi.
Aslida fuqarolar qanday faoliyat bilan shug‘ullangan edi?
Abdusattor Shukurov, Sanobar Yoqubova va boshqa fuqarolar Toshkent viloyati Bekobod shahrida joylashgan “O‘ZMETKOMBINAT” (O‘zbekiston metallurgiya kombinati) aksiyadorlik jamiyati bilan xususiy firmalar orqali shartnoma imzolashgan. Ular turli joylardan (eski binolar, axlatxonalar va boshqa yerlardan) yollanma ishchilar bilan metall buyumlar yiqqan. Yig‘ilgan metall buyumlarni kombinatga topshirilgan. Kombinat ishchilari uni eritib, tayyor mahsulot ko‘rinishiga keltirgan. Qilingan xizmat uchun firmalar shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘lagan. Tayyor mahsulot aholiga bozorga nisbatan arzon narxlarda sotilgan.
Jabrlanuvchi – tadbirkor Sanobar Yoqubovaning aytishicha, 2008-2017 yillar davomida ish yuritgan fuqarolarning firmalarini hech kim bezovta qilmagan. Mas’ullar tomonidan vaqti-vaqti bilan qonuniy tekshiruvlar o‘tkazib borilgan. Faoliyatlarini qonun doirasida, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan holda olib borishgan. Biroq, 2017 yilning boshlaridan tushunarsiz voqealar sodir bo‘lishi boshlangan.
“2017 yildan “O‘ZMETKOMBINAT”da rahbariyat o‘zgardi. Bosh prokuraturaning tegishli boshqarmasi tomonidan kombinat bilan ishlagan firma rahbarlari, buxgalterlar va boshqalar chaqirila boshlagan. Biz ham bu haqda boshqalardan eshitib turdik. O‘sha yilning oktyabr oyida “noqonuniy ishlagansizlar” deb firma rahbarlarini qamab qo‘yishdi.
Lekin qiziq tarafi, 10 yilga yaqin shu faoliyat bilan shug‘ullangan bo‘lsak, bizga biror marta soliq, moliya, prokuratura va boshqa tashkilotlar tomonidan bunday ayblov qo‘yilmagandi . Soliqlarni o‘z vaqtida to‘laganmiz. Kerak bo‘lsa, o‘sha vaqti hokimlik zimmasiga yuklangan temir “plan”ini yopardik. Bog‘cha, maktablar temirni qayerdan olsin? Biz ularga ham yordam berardik. Axlatda yo‘q bo‘lib ketayotgan temirni yig‘ib, kombinatga topshirib, uni tayyor mahsulotga keltirib, aholiga arzon narxda sotganimiz – aybimizmi? Nima ayb ish qildik? Davlatning pulini yedikmi? Vatanimizga xiyonat qildikmi? Aybimizni hech kim qonunan tushuntira olmayapti”, deya Yoqubova bo‘layotgan vaziyatga o‘z noroziligini ifoda qildi.
Tergovchilar fuqaroning boshiga “sellofan” paket kiydirib, uni ayovsiz kaltaklagan...mi?
Tergovda eng ko‘p qiynoqqa solingan Abdusattor Shukurov boshidan o‘tkazganlari haqida aytib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2017 yilning iyun oyida tergovchilar uni prokuratura idorasiga chaqirishni boshlagan. Borgan zahoti Bosh prokuraturada tergovchilar – Ulug‘bek Umarov, Sanjar Fayziyev va Ma’sud O‘rolovlar kutib olgan. Tergov xonasiga kirgach, tergovchilar uning firma direktori ekaniga shubha bildirib, ustidan mazah qilgan. O‘sha kuni qisqa savollar berib uni qo‘yib yuborishgan. Keyingi tergovda butun qarindoshlari haqida (kim ekani, qayerda yashashi va boshqa) ma’lumotlarni yozib olishgan. Firmada mavjud barcha hujjatlar ularga taqdim etilgan.
Keyinroq, Shukurovni yana chaqirib, uning zimmasiga 30 milliard so‘m zararni yuklamoqchi bo‘lishgan. Shu kundan unga nisbatan jismoniy va ruhiy azoblar berilishi boshlangan. Tergovchilar unga 30 milliard (go‘yoki) zararni topish uchun bir hafta muddat berib, to‘lamasa, uzoq muddatga qamalib ketishi mukinligini aytib qo‘rqitishgan. Shukurovning advokati uning aybi isbotlanmaguncha bu pulni to‘lamasligi, avval aybi qonuniy tartibda isbotlanishini kerakligini aytgan. Tergovchilar unga ham baqira ketgan. Undan bu ishga aralashmasligini so‘rashgan.
“Shahar chekkasida yashayman. Telefonimning antennasi ba’zan chiqmay qoladi. Tergovchilar orada menga bog‘lana olmay qolishgan. Bunga jahl qilib Bosh prokuraturadagilar jiyanimni uyidan olib ketishgan. Keyin uni qo‘yib yuborishgan. Oradan ozgina vaqt o‘tib, o‘g‘limni ham olib ketib hibsga olishdi. Birozdan keyin uni ham qo‘yib yuborishdi. Na bir rasmiy chaqiruv qog‘ozi bor... 2017 yilning 20 oktyabr kuni men shu yerda ekanimni aytib, Bosh prokuraturaga o‘zim bordim. Borishim bilan meni qamoqqa olishdi”, deya Shukurov qamoqqa olingan vaqtini esladi.
Qamoqqa olinganidan so‘ng, tashkilot xodimlari ularga o‘ta og‘ir jinoyatni sodir qilgan insondek muomala qilgan. Tergov xonasiga kirishi bilan “urod”, “o‘g‘ri”, “aferist” kabi haqoratli so‘zlar bilan undan 30 milliard so‘m qayerda ekanini so‘rashgan. Keyin bir hafta mobaynida “Gvardeyskiy”ga (Yunusobod tumanida joylashgan tergov hibsxonasi) qamashgan. Ularni qayerda ekani haqida na qarindoshlariga, na advokatlariga xabar berishgan. Bir hafta och qolishgan. Keyin “Toshturma”ga (Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1-son hibsxonasi) olib ketishgan.
“Hayotimdagi eng yomon kun 2017 yilning 4 noyabr sanasida bo‘ldi. Havo juda sovuq edi. O‘pkam ham kasallangandi. Bir o‘zimni Bosh prokuraturaga olib borib, binoning uchinchi qavatiga olib chiqishdi. Tergov xonasiga kirsam, tergovchilar Umarov Ulug‘bek, Fayziyev Sanjar va Ma’sud O‘rolovlar o‘tirgan ekan. Boshdan oyoq yechintirishdi. Tergovchilar sovuq havo kirishi uchun xona derazalarini ochishdi. Qaltirashni boshladim. Keyin isinsin deb “tur-o‘tir” deb jismoniy mashqlar qildirdi”, deydi Shukurov.
Bundan tashqari, yoshi katta bo‘lishiga qaramay unga 20 kilogramdan ortiq yukni ko‘tarishga majburlashgan. Yukni ko‘tara olmayotganini ko‘rib, tergovchilar Umarov va Fayziyev uni ikki tarafdan duch kelgan joyiga urishni boshlagan. Orada Umarov oyoq kiyimining uchini uning iyagiga tirab, boshini ko‘tarishini talab qilgan. U O‘rolovning savollariga javob berayotgan vaqtida Fayziyev qo‘lidagi katta hajmdagi qalin kitob bilan uning yuzi aralash quloq tarafiga urgan. Zarba kuchliligidan Shukurov borib jovonlarga urilgan. Narigi tarafdan Umarov urib uni majburlab oyoqqa turg‘izgan. Shukurovga bir nechta shaxslarning rasmlarini ko‘rsatishgan. Tanimasligini aytishi bilan yana do‘pposlashgan. Shundan so‘ng, kutilmaganda, Fayziyev Shukurovni qo‘lidagi oq “sellofan” paket bilan bo‘g‘ishni boshlagan.
“Boshida havo yetguncha ushlab turdim. Keyin iloji bo‘lmadi. Bor kuchim bilan Fayziyevni itarib, “sellofan”ni yirtib tashladim. Shu payt ularning jahli chiqib meni har tarafdan urib tashladi. Yerda qancha yotganimni bilmayman. Bir payt qulog‘imga “bo‘ldi, o‘lib qoladi, o‘lib qolsa, o‘ligi tirigidan qimmat” degan ovozlar keldi. O‘zimga kelishim uchun “nashatыr” spirtini hidlatishdi, sovuq qotayotganimga qaramay yalang‘och holimga ustimdan suv sepishdi”, deb Shukurov bo‘lib o‘tgan ayanchli voqealarni esga oldi.
O‘shanda xushiga kelgach, hech narsa bo‘lmagandek yana tergovni davom ettirishgan. Rasmdagi shaxslarni tanish-tanimasligi haqida so‘rashgan va bir qancha ma’lumotlar yozilgan hujjatga qo‘l qo‘ydirmoqchi bo‘lishgan. U unamagan. Shunda tergovchilardan biri tashqarida turgan ichki ishlar xodimining “dubinka”sini olib, uni kiritmay, avvalroq jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan Shukurovning ko‘krak qismiga qattiq zarb bilan urgan. Urgan o‘rni qontalash bo‘lib qolgan. U yana yiqilgan. Og‘riqdan ingragan. Tergovchi Fayziyev uning qo‘llarini “naruchnik” bilan bog‘lab, boshiga ikkinchi marta “sellofan” paket kiydirgan. Xushidan ketgach, uni amallab yana o‘ziga keltirishgan va shu bilan o‘sha kundagi “missiya”lari – tergovni yakunlashgan.
“Toshturma”ga qaytish vaqtida avval qamalgan shaxslar unga Bosh prokuraturada kaltaklangani haqida indamasligi kerakligi, tibbiy xulosa baribir ularning o‘zlariga qaytarilishi va urganining isi chiqmasligi uchun uni turli usullar bilan o‘ldirib yuborishdan ham qaytmasligini tushuntirgan. Qamoqqa olinganidan so‘ng yetti oy mobaynida to uy qamog‘i to‘g‘risida sud ajrimi chiqquncha, mas’ullar Shukurovning advokatlarini ichkariga kiritmagan. Shu bilan birga, qamoqda saqlanayotgan vaqtida ham turli darajada ruhiy bosimlar o‘tkazilgan.
Boshqa fuqarolar tergov haqida nima deydi?
Ular ham tergovda turli darajadagi ruhiy va jismoniy tazyiqlar bo‘lganini aytdi. Tergovchilar insoniylikni unutgan. Nima qilib bo‘lsa ham ayblov qog‘ozlariga imzo qo‘ydirishga harakat qilgan.
2017 yili jabrlanuvchilardan biri Ravshan Asomovni ko‘chada mashina turtib ketgan edi. U jarohati og‘ir bo‘lgani bois, jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Ravshan akaga ma’lum vaqt yurish mumkin bo‘lmagan. Biroq uni ham Bosh prokuraturaga olib borishgan, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasini qo‘llashgan. Besh kun davomida jarohatiga tibbiy yordam ko‘rsatilmagan. Zuhriddin Zokirov ham tergov vaqtida 45 kun advokatlari bilan bog‘lana olmagani, ruhiy va jismoniy tazyiqlar bo‘lganini aytadi.
Tergovchilar tergovda Bahodir Halilovning to‘pig‘iga tepgan. Undan advokatdan voz kechishini talab qilishgan. (!) Unamagach, tergovchilar uni farzandi Javlon Halilovga zarar yetkazish vahimasi bilan qo‘rqitishgan. Keyin u advokatdan voz kechishga majbur bo‘lgan. Voz kechish uchun advokat Umid Eshonqulov bilan uchrashayotgan vaqtida tergovchilar sirlari fosh bo‘lmasligi uchun uning cho‘ntagiga diktofon solishgan. Uchrashuv joyida kamera nazorati mavjudligini aytib, bu haqda advokatga aytmasligini uqtirishgan. Lekin u imo-ishoralar orqali advokatiga vaziyatni tushuntirishga erishgan.
Buni advokat Umid Eshonqulov ham tasdiqladi. Bahodir Halilovning farzandi Javlon Halilov yuqoridagi ma’lumotlarni haqiqat ekanini ta’kidladi. 5 oy davomida ertalab soat 9dan tungi soat 1-2gacha tergov bo‘lgani, tergovda bosh va ko‘krak qismlariga tan jarohatlari yetkazilgani, advokatdan majburlab voz kechtirishgani va soxta ayblovlarga qo‘l qo‘ydirishga urinilganini tushuntirdi. Voqealarda jabrlanganlardan biri Alisher Uzoqov ham shunday fikrlar bildirdi.
“Umarov, Fayziyev va boshqa tergovchilar davlat bergan “formani” bulg‘adi. Yuridik bilimlari ham juda past. Tergovda berayotgan savollariga kulgingiz keladi. Men ham 40-45 kun advokatsiz o‘tirdim. Soppa-sog‘ insonlarni ikki qo‘ltig‘idan sudrab olib chiqishayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turdik”, deya endilikda davlatdan adolat kutishi, aybdorlar jazolanishi kerakligini so‘radi. Zuhriddin Zokirovning turmush o‘rtog‘i Mavjuda Zokirova tergov vaqtida O‘rolov unga qo‘lidagi kuldonni uloqtirgani, haqoratlaganini aytdi.
“Qamalganimizdan so‘ng turmush o‘rtog‘im meni uzoqdan ko‘rishi bilan mendan rozi-rizolik so‘radi. Tergovchi O‘rolov advokatim yo‘q vaqtida to‘qqizta erkakning ichida tergov qildi. Biz jinoyatchi emasligimizni tushuntirayotgan vaqtimda menga qarata qo‘lidagi kuldonni otdi. Qanday egilib jonimni saqlab qolganimni bilmayman. O‘shanda shu yerda o‘lib ketsam ham hech kimning ishi bo‘lmas ekanda deb o‘ylab qolgandim. Inson hayoti bir tiyinga qimmat ekan deb xulosa qilgandim”, deydi Mavjuda Zokirova. Yuqoridagidek jismoniy va ruhiy bosimlar bo‘lganini Dilfuza Xoliqova ham ta’kidladi. Abdusattor Shukurov tergov xonasidan bir ahvolda olib chiqib ketishayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi.
Advokat: “Tergovchilar 1-Tergov hibsxonasiga “maxfiy” grifti ostida xat yuborgan”
Advokat Umid Eshonqulov faoliyati davomida bu darajada g‘ayriinsoniy tergov harakatlariga guvoh bo‘lmaganini aytdi. Tergov organi tomonidan fuqarolarning himoyaga ega bo‘lish huquqi cheklangan. “Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi” boshlig‘i o‘rinbosari Ma’sud O‘rolov tomonidan 1-Tergov hibsxonasiga “ayblanuvchilarning advokatlari qidiruvdagi shaxslar tomonidan yollangan bo‘lishi mumkinligi sababli, tergov sirlari ularga yetib borishining oldini olish maqsadida, ayblanuvchilarga advokatlari bilan uchrashishi ta’qiqlansin” mazmunida “maxfiy” grift ostida xat jo‘natilgan.
Shuningdek, ayblanuvchilarga qo‘yilgan “qamoq” ehtiyot chorasini 7 oyga cho‘zish haqidagi qaror ayblanuvchilar va ularning himoyachilariga belgilangan muddatda tanishtirilmagan. Eng qiziq joyi, advokatlar jinoyat ishi materiallari bilan ish sud tergoviga kelgach, sud jarayoni bilan parallel vaqtda tanishishni boshlagan. Ungacha advokatlarga har xil bahonalar bilan ruxsat berilmagan.
Advokat Abdumalik Abdullayev ayblovning mazmuni nimadan iborat ekanini tushuntirib berdi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar – tadbirkorlar “O‘ZMETKOMBINAT” AJga xizmat ko‘rsatishi (eritib tayyor mahsulot qilib berishi) uchun metall topshirgan. Qonun bo‘yicha bu davrda mulk huquqi tadbirkorlarning o‘zida saqlanib qoladi. Kombinatga xizmati uchun shartnomadagi summa o‘tkazilgan. Ushbu jarayonda tergov organi tomonidan Vazirlar Mahkamasining ikkita qarori talabi buzilgan deb ko‘rsatilmoqda. Ayblovni, o‘tkazilgan tekshiruv dalolatnomasidagi dalillarni mustahkamlash uchun sud iqtisodiy ekspertizasi asossiz o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmoqda.
“Espertlarning oldiga “O‘ZMETKOMBINAT” AJ va firmalar o‘rtasida tuzilgan xizmat ko‘rsatish shartnomalari Vazirlar Mahkamasi qarorlari talablariga asosan tuzilganmi, degan savol qo‘yilmoqda. Savol paydo bo‘ladi: Sud iqtisodiy ekspertizasini o‘tkazuvchi ekspertlar mutaxassisligi bo‘yicha iqtisodchi hisoblanadi. Ular qanday asosga ko‘ra o‘tkazildi? Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risidagi qonun bor. Qonunda aniq yozilgan. Ya’ni, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasidagi shartnomalarga advokatlar tomonidan yoki korxona, muassasa-tashkilotlarning yuridik xizmati tomonidan qonunga muvofiqligi bo‘yicha xulosa beriladi.
Ekspertiza to‘g‘risidagi qonunga murojaat qiladigan bo‘lsak, eskpertiza fan, texnika, san’at, kasb-hunarga oid maxsus bilim talab etiladigan holdagina o‘tkaziladi. Bunday vaziyatda ekspert ekspertiza o‘tkazishdan bosh tortishi kerak edi. Qo‘shimcha yoki qayta ekspertiza o‘tkazish mumkin-ku degan fikr tug‘ilishi mumkin. Ekspertiza o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq aslida ekspertiza o‘tkazish lozim bo‘lmagan holda bu masalani ko‘tarish mantiqqa zid”, deydi Abdullayev. Advokatlar Ulug‘bek Abdushukurov, Ulug‘bek Akramovlar ham yuqoridagi protsessual norma talablari buzilganini ta’kidlab, ular taqdim etgan bir qancha dalillar tergov ishi hujjatlariga kiritilmaganini aytdi.
Bunaqasi faqat o‘zbek tergovchilarida uchraydi
Shu bilan birga, tergovda deyarli hech qaysi davlat amaliyotida uchramaydigan qonun buzilish holati kuzatilgan. Advokat Umid Eshonqulovga ko‘ra, tergovchilar tomonidan tergov vaqtida jinoyat ishiga guvoh sifatida chaqirilgan shaxslardan zararni qoplash uchun pul undirish amaliyoti ham qo‘llanilgan. Ayblanuvchilardan zarar undirilishi bu amaliyotda bor holat.
Ammo guvohlardan zarar undirilishi amaliyotda deyarli uchramaydi. Tergovchilar guvohlarga ayblanuvchilarning ahvolini ko‘rsatib, ular ham shu holga tushmasligi uchun aytilgan mablag‘ni to‘lashi lozimligini tushuntirgan. Ular Bosh prokuraturaning depozit hisob varag‘iga pullarni to‘lagan. Sud qarori chiqmay turib, undirilgan pul “O‘ZMETKOMBINAT” AJ hisobiga o‘tkazib yuborilgan. Advokat bu bo‘yicha unda Bosh prokuraturaning xati ham mavjudligini aytdi.
Endi nima bo‘ladi?
Davlat rahbari hamma o‘zgarishi kerakligi, davlat tashkilotlari avvalgi eski amaliyotlaridan voz kechib, xalqqa xizmat qilish kerakligini bot-bot takrorlamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan ilk Murojaatnomasida mamlakatdagi huquq-tartibot organlari, kuchishlatar tizimlar, jumladan prokuratura foaliyatini keskin tanqid qilib,
“Bundan buyon O‘zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish, boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday harakatlarni sodir etgan xodim yoki kimningdir “buyurtmasi”ni bajargan har qanday shaxs, kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi”, deb aytgandi.
Uch yildirki, mamlakat rahbari prokuratura organlarini tinimsiz tanqid qilib keladi. “O‘ZMETKOMBINAT” ishi boshlanganda Bosh prokuror bo‘lgan Abdullayev bugun jinoyatlari uchun qonun oldida javob bermoqda. “O‘ZMETKOMBINAT” tergovi davrida Bosh prokuror bo‘lgan Abdullayevning vorisi Otabek Murodov davrida ham prokuraturada katta o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Aksincha, u yana va yana korrupsiya botqog‘iga botdi.
O‘z-o‘zidan bir qancha savollar tug‘iladi: Bosh prokuratura qachon o‘zgaradi? Qachon prokuratura desa qonunlarni himoya qiladigan muassasani tushunamiz? Nega tergov vaqtida tergovchilar tomonidan protsessual norma talablariga amal qilinmayapti? Biz yangi O‘zbekistonni mana shunday mutaxassislar bilan qurmoqchimizmi? Qonun himoyachilarining o‘zi qonunga amal qilmasa, boshqalardan nima kutaylik? Endilikda aybdorlar o‘z jazosini oladimi? Birgina shu ish bizda tergov bilan bog‘liq bir qancha muammolar (advokatlar bilan uchrashishda, tergov jarayoni va boshqalarda) mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Prezident inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida barcha vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi, deb aytgandi. Bu borada qachon to‘liq amaliy harakatlar boshlanadi? Biz tergovda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashdi kimdan yo nimadan qo‘rqyapmiz? Yo hamon tergovchilar kamera qarshisida o‘zini boshqara olmaslik, birovning huquqlari va salomatligiga daxl qilishi xavfi mavjudmi?
Tergovchilar tergovda bu darajada ochiqdan-ochiq va bilganlaricha ayovsiz metodlardan mustaqil foydalanmasliklari kundek ravshan. Bu ishlarning ortida kimlar turibdi? Prezident aytganidek, bu ham kimlarningdir “buyurtmasi” emasmikin? Tergovchi belgilangan qonun doirasidan chetga chiqishi mumkin emas. Aks holda, qo‘lga kiritilgan dalillar nomaqbul dalillar sirasiga kiritiladi. Ish hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan ko‘rilmoqda. Sud yuqoridagi barcha holatlarni hisobga oladimi? Hozircha QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatadi.
LiveBarchasi