Abdulla Aripov qozog‘istonlik mavqedoshi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
12 iyul
3596Joriy yilning 11-12 iyul kunlari Olmaota shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hukumat portalida xabar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
“Bugun dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy va tez o‘zgaruvchan vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib borayotgani alohida qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Shundan kelib chiqib, mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda, yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish zarurligi, buning uchun, uchinchi davlatlardan import o‘rnini bosish va to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish lozimligi bildirildi.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, transport va tranzit, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, energetika, qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim, madaniyat va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘ngida, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 21-yig‘ilishi bayoni imzolandi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Qozog‘istonga tashrifi doirasida Olmaota shahridagi jamoat transportini boshqarish markazi va boshqa ob’ektlar faoliyati bilan ham tanishildi.
LiveBarchasi