Abduhakimov boshchiligida kattakonlar Toshkentni velosipedda aylanib chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Toshkent shahridagi veloyo‘lakchalar hamda aholining ommaviy sport turlari bilan shug‘ullanishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni yaqindan ko‘zdan kechirdi. Ishchi guruh tarkibidan shuningdek Sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov, hokimning Yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Akramova hamda Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Sanjar Tojiyev, tumanlar hokimlari va boshqalar o‘rin oldi.  

Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh kun davomida poytaxtning Mirzo Ulug‘bek, Mirobod hamda Sergeli tumanlari bo‘ylab o‘rganish ishlarini olib borgan. Veloyo‘lakchalar, sport maydonlari, sport maktablari, yangi barpo etilayotgan ko‘prik atrofi, tumanda bunyod etilayotgan yangi uylar atrofidagi hududlar shular jumlasidandir. 

Ishchi guruh vakillari mahalliy aholi hamda sayyohlarning veloyo‘lakchalardan foydalanish va xavfsiz harakatlanishi uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishib chiqqani aytilmoqda. Joylarda bu yo‘nalishda mavjud kamchiliklarni o‘rganib, ularni tezkor bartaraf etishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olingan. 

Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, Shahrisabz ko‘chasidagi veloyo‘lakcha yaqin 10 kun ichida ekspluatatsiyaga topshiriladi. Ta’kidlash joizki, bu yo‘lakchalarda ko‘zi ojiz kishilar xavfsiz harakatlanishi uchun alohida joy ajratilgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ishga velosipedda borib, avtomobilsiz kun aksiyasini qo‘llab-quvvatlagan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

velosiped

Baholaganlar

190

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing