“Abbos dollar” hibsda, Markaziy Osiyo pedofillarga “urush ochdi” – Midweek
Tahlil
−
09 Oktabr 2025 6411 12 daqiqa
Yevropaning turli davlatlarida uchib yurgan va ba’zi infratuzilmalarning faoliyatiga to‘siq bo‘lish orqali aholida xavotir uyg‘otgan noma’lum dronlar oqimi Putinning NATO bilan urushga zimdan tayyorlanayotgani haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Markaziy Osiyoda pedofillarga qarshi kurash jiddiylashmoqda. Qozog‘iston kimyoviy kastratsani tasdiqladi, Qirg‘iziston esa buni xalq irodasiga qo‘yib bermoqchi.
Hafta davomida Afg‘onistonlik mashhur tadbirkor va siyosatchi “Abbos dollar” nomi bilan tanilgan Abbos Ibrohimzoda bir necha kun oldin Toshkentda hibsga olingani haqidagi xabarlar tarmoqlardagi o‘zbek segmentining e’tiborini tortdi.
Turkiyada ko‘plab mashhur qo‘shiqchilar va aktyor-aktrisalar giyohvandlik savdosi va kontrabandada gumonlanib hibsga olindi.
Joriy hafta o‘rtasiga qadar dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZning Midweek dasturi va biz boshladik.
“Abbos dollar” O‘zbekistonda hibsga olindi
Joriy hafta Afg‘oniston atrofidagi voqealarni yoritadigan “Amu” nashri mamlakatni sobiq tuzum parlamenti raisi o‘rinbosari va afg‘on millioneri “Abbos dollar” nomi bilan tanilgan Abbos Ibrohimzoda Toshkentda hibsga olingani haqida xabar berdi. Xabarga ko‘ra, Ibrohimzoda 24 sentyabrda biznesdagi raqobatchilari tomonidan berilgan ko‘plab shikoyatlar asosida qo‘lga olingan. U 350 ming dollardan ortiq kafolat puli to‘laganiga qaramasdan, haligacha ozod etilmagani aytiladi. Manbalarga ko‘ra, Ibrohimzoda so‘nggi to‘rt yil ichida O‘zbekistonga 50 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Yotqizilgan investitsiya tijoriy transport va un ishlab chiqarish sohalarini qamrab olgan. Ammo endilikda uning hibsga olinishi u bilan bog‘langan kompaniyalar faoliyatidagi buzilishlar haqida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Rasmiylar va Ibrohimzodaning o‘zi esa haligacha holat bo‘yicha izoh bermadi.
“Abbos dollar” kimligi, u nega bunday nom bilan Markaziy va Janubiy Osiyoda keng tanilganiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Ibrohimzoda 1970 yili Balx viloyatining Sholg‘ara tumanida tug‘ilgan. U Mozori-Sharif shahridagi “Baxtar” o‘rta maktabida 12-sinf darajasida tamomlagan. Afg‘oniston parlamentning 16-chakirig‘i bilan Balx viloyatidan xalq vakili bo‘lgan. Biznes va siyosatni parallel tarzda yuritgan Abbos Ibrohimzoda hazara millatidan bo‘lib, u Balx viloyatidagi pul almashtiruvchilar uyushmasini boshqargani uchun unga “Abbos-dollar” lakabi berilgan. Shuningdek, u Afg‘onistondagi eng boy odamlardan biri hisoblanib, neft-gaz biznesida faol ishtirok etib kelgan.
Uning qachon Toshkentga ko‘chib kelgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Lekin 2021 yili Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishidan so‘ng, u mamlakatni tark etgani aniq. O‘sha yilning yozida “Abbos dollar” boshchiligida Mozori-Sharif toliblardan himoya qilingan, biroq oradan ko‘p o‘tmay, Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritgach, u Afg‘onistonni tark etib, Turkiyada qo‘nim topgani aytiladi. U asos solgan “Ibrohimzada Group” o‘z vaqtida bir necha o‘nlab shirkyatlarni birlashtirgan. Bundan tashqari, “Abbos dollar” Balxdagi xususiy televideniye tarmog‘ini nazorat qilgan, ta’lim va xayriya ishlariga doimiy sarmoya kiritgan. Ibrohimzoda “Group Charity Foundation” xayriya fondi uning eng yorqin loyihalaridan biri bo‘lgan. Mazkur fond asosan ayollarga savodxonlikni o‘rgatishga ixtisoslashgan. Ibrohimzoda Afg‘oniston bo‘ylab Balx va Qobulda 3 ta universitet, ikkita kollej va 30 ta o‘rta maktabga egalik qilgan.
Respublikaning so‘nggi yillarida Ibrohimzoda Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan benzin va gaz, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari yetkazib berish bilan shug‘ullangani haqida ma’lumotlar bor. Uning O‘zbekiston bilan chegaradosh Hayraton shahridagi benzin va gaz ombori 50 ming tonnadon ortiq sig‘imga ega bo‘lgan. Biroq “Tolibon”ning hokimiyat tepasiga kelishi uning butun faoliyatini o‘zgartirib yuborgan va davlat to‘ntarishi “Abbos dollar”ga juda qimmatga tushgan. Xususan, 2023 yili toliblar Ibrohimzodaning yigirmaga yaqin tijorat mulkini muzlatgan. Ular ichida oltita yoqilg‘i qo‘yish shoxobchasi, ikkita kasalxona, bitta telekanal, ikkita oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash zavodi, beshta savdo markazi, ikkita turar-joy majmuasi va “Hayraton” stansiyasidagi sanoat ob’ekti mavjud.
Ibrohimzoda ikki marta Afg‘oniston parlamentining quyi palatasi deputati etib saylangan. 2019 yili u Yangi Afg‘oniston Birlik partiyasiga asos solgan. Bu partiya Afg‘onistondagi shia hazoralari orasida uchinchi yirik partiyaga aylangan. Partiyaning bir millionga yaqin tarafdorlari bo‘lgan va u parlamentda vakiliga ega bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda ancha mashhurlikka erishgan.
Turkiyada yulduzlar ommaviy hibsga olindi
2025 yil Turkiyadagi shoubiznes yulduzlari uchun og‘ir keldi. Fevral oyida taqiqlangan reklamalar faoliyati bilan shug‘ullangani uchun Sardor O‘rtachning 10 oylik qamoq jazosiga hukm qilinganidan boshlangan jarayon, bahorga kelib, “Muxtasham yuz yil” serialda Sulton Sulaymon rolini ijro etgan Xalit Ergench va “Chuqur” serialdagi Alicho roli orqali ko‘plab yoshlarning sevimli qahramoniga aylangan Riza Kojao‘g‘lining jazolanishi bilan davom etgandi. Ular 2013 yili bo‘lib o‘tgan Gezi Parki namoyishlarida qatnashib tartibsizliklarga sababchi bo‘lganlikda aylangandilar.
Yulduzlarning so‘roq qilinishi va hibsga olinishi hali ham davom etmoqda. Bu safar ularning nomi yil boshidagilarga qaraganda biroz kichik bo‘lsada, soni ancha katta. Jumladan, 8 oktyabr kuni ko‘plab mashhur qo‘shiqchilar va aktyor-aktrisalar giyohvand moddalarni targ‘ib qilish va kontrabanda bilan bog‘liq ish doirasida hibsga olindi.
Hibsga olinganlarning to‘liq ro‘yxatida Birse Akalay, Birsen Berrak Tuzunatach, Jeren Morav Orjan, Demet Evgar Babatash, Deren Talu, Dilan Polat, Duygu O‘zaslon Mutaf, Yengin Polat, Feyza Altun, Hadise Achikgo‘z, Irem Deriji, Qaan Yildiram, Kubilay Aka, Mert Yazidjio‘g‘lu, Metin Akdyulger, O‘zge O‘zpirinchchi (Yamanturk), Zaynab Merich Aral Keskin, Ziynat Sali (Safter) kabi yulduzlar bor. Ushbu shaxslar so‘roq qilish va qon namunasi olish uchun Istanbul viloyati jandarmasi boshqarmasiga olib ketildi.
Yuqorida nomi qayd etilganlarning ba’zilari xorijda, qolganlari esa so‘roq jarayonini boshlab yuborgan. Har birining advokati holat yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni ochiqladi. Masalan, qo‘shiqchi Irem Derijining advokati Oyshagul Mermer vaziyat bo‘yicha izoh berib, mijozi Irem Deriy bilan olib borilayotgan jarayon doirasida so‘roq uchun jandarmaga yo‘l olganini, hozircha ularga ish mazmuni haqida rasmiy ma’lumot berilmaganini, ammo jarayon aniqlashtirilgach, jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishini aytgan. Ziynet Salining advokati mijozi hozir xorijda bo‘lgani sababli qaytgach, o‘z ko‘rsatmasini berishini ma’lum qilib, Ziynet Sali hayoti davomida hatto sigaret ham chekishmagan va mazkur tergov hamda unda tilga olingan shaxslar bilan hech qanday aloqasi bo‘lmaganini qo‘shimcha qilgan. “Sözcü” nashri xabariga ko‘ra, hibsga olinganlar orasida borligi aytilayotgan Simge Sag‘ining advokati ham qo‘shiqchi bir haftadan beri AQSHda ekanini bildirgan. U ham qaytgach dastlabki so‘roq ishlariga jalb etilishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, so‘nggi kunlarda butun Turkiya bo‘ylab, narkotik savdosi va kontrabandaga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Bu reydlar doirasida mamlakatning qator yulduzlari qo‘lga olinishi esa kutilmagan yangilik bo‘ldi.
Markaziy Osiyo pedofillarga qarshi “urush ochdi”
So‘nggi paytlarda Markaziy Osiyodagi huquq maydonida bir vaqtning o‘zida ijobiy va biroz ziddiyatli tendensiya kuzatilamoqda. Qirg‘izistonda yuz bergan mudhish qotillikning voyaga yetmagan qizga qilingan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘lanishi bunga qaysidir ma’noda turtki bo‘ldi. Mamlakat prezidenti Sodir Japarov bunday jirkanch jinoyatlarga qarshi o‘lim jazosini tiklash masalasini kun tartibiga olib chiqdi va u bu g‘oyasida qat’iy turibdi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston yetakchisi o‘lim jazosini tiklash tashabbusini faqat va faqat xalq tasdiqlashi hamda yakuniy qarorni aynan ular aytishini ma’lum qildi. Demak Qirg‘izistonda o‘lim jazosini tiklash bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi.
Japarov Oysuluv Muqaishevaning ayanchli o‘limiga to‘xtar ekan, tergovni shaxsan o‘zi nazoratga olganini va ma’muriyatiga bu bo‘yicha kelgusida sodir etiladigan jinoyatlar nisbatan jazolarni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish loyihasini ishlab chiqishni topshirganini aytdi. U voyaga yetmaganlar va ayollarni o‘ldirish, zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib borayotganini, “standart” qamoq jazosi esa jinoyatchilarga endi to‘sqinlik qilmayotganini ta’kidladi. Shuningdek, prezident korrupsiya jinoyatlari o‘lim bilan jazolanishi mumkin emasligini ta’kidlab, o‘lim jazosi faqat shafqatsiz qotilliklar va pedofillik uchun joriy etilishini aytdi. Odiil sudlovning noto‘g‘ri bo‘lishi xavfi haqidagi jamoatchilik xavotirlariga esa
Japarov zamonaviy dunyodagi texnologik imkoniyatlar jarayonining shaffof o‘tilishini ta’minlashiga kafolat berdi.
“Biz bu masalani yolg‘iz hal qilmaymiz. Xalq bilan maslahatlashamiz. Bu masala umumxalq referendumiga qo‘yilishi mumkin. Agar ko‘pchilik bunni qo‘llab-quvvatlasa, Konstitutsiya va qonunlarga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi”, dedi Sodir Japarov.
Yana bir MO davlati – Qozog‘iston Qirg‘izistondon farqli o‘laroq bu masalaga ancha muvozanatli tarzda yondashmoqda. Qozog‘istonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tash muddati tugashidan olti oy oldin kimyoviy kastratsiya qo‘llanilishi belgilandi. Qonunchilikka kiritilgan yangi tartibga ko‘ra, endi jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati mahkumning muddati tugashidan kamida 12 oy oldin sudga tegishli hujjatlarni yuborishi lozim. Bu orqali shaxsda ruhiy og‘ishlar yoki jinsiy zo‘ravonlikka moyillik mavjud yoki yo‘qligi bo‘yicha sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanadi. Buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan keyin o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
Ha, pedofiliya o‘ta jirkanch jinoyat. Qaysidir davlat bu baloga qarshi keskin chora qo‘llaganda, deylik o‘lim yoki kimyoviy kastratsiya chorasi sifatida belgilangandan keyin, bu haqda biror narsa deyish qiziq. Ko‘pchilik, jumladan, aksar huquq faollari bunday choralarni tanqid ostiga oladi. Ammo tana boshqa – dard bilmas. Ular o‘zini shu jirkanch jinoyat qurboni bo‘lgan bolalarning ota-onalari o‘rniga qo‘yib ko‘rsa, fikri biroz o‘zgarishi mumkin. Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor va tanganing mazkur tarafi o‘lim jazosi dahshatli xatoliklarga olib kelishi ehtimoli juda katta ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni tergovning noto‘g‘ri xulosasi va sudning adolatsiz qarori. Buning ortidan o‘ldirib yuborilgan shaxsni esa orqaga qaytarib bo‘lmaydi.
Hayotda yechimi juda murakkab masalalar yetarlicha. Pedofillarga qanday jazo tayinlash ana shunday holatlardan biridir. Ha, aytgancha O‘zbekistonda ham pedofillarga nisbatan hech bo‘lmaganda kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash masalasi muhokama qilinganiga ko‘p bo‘lmadi. Mamlakatda bu boradagi tortishuvlar huddi Qirg‘izistondagi kabi bir murg‘ak qizaloqning zo‘rlab o‘ldirib ketilgani ortidan boshlangandilar. Ammo uning yoshi Oysuluvnikidan ham ancha kichik, bor-yo‘g‘i 12 bahorini endi qarshilagandi.
Putin NATO bilan urushga tayyorlanyapti
So‘nggi bir oy ichida Rossiya NATOning “nerv tizimi”ni sinovdan o‘tkazayapti. Moskva alyansning ko‘plab davlatlariga qarshi provakatsion harakatlarni ancha kuchaytirdi. Barchasi Polshaga uchirilgan dronlar va unga nisbatan susat javob berishdan boshlandi. NATO bunga qarshi javob qaytarish emas, balki javob qaytarishni muhokama qilish moddasini ishga tushirganidan so‘ng, Rossiyaning keyingi “qitiqlash” nuqtasi Estoniya bo‘ldi. Bu gal u shunchaki dron emas, balki naqd 3 ta qiruvchi samolyot bilan NATO havo hududini hech qanday qarshilik va to‘siqlarsiz buzgandi. Rossiya harbiy uchoqlari kirib borishi qayd etilgan davlatlar orasida Ruminiya ham joy oldi. Ammo eng hayron qolarli jihati shuki, Rossiya dronlari deb taxmin qilinayotgan uchoqlar Daniya, Norvegiya va Germaniya havo hududida ham paydo bo‘lgani bo‘ldi. Agar bu rost bo‘lsa, demak NATOning nafaqat sharqiy, balki shimoliy, markaziy va g‘arbiy chekkalari ham teshilib bo‘lgan.
Yevropaliklar mazkur jarayonga NATOni falajlashga urinish deb baholamoqda. Xususan, Daniya harbiy razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu ishlardan Rossiyaning asosiy maqsadi NATOning siyosiy birdamligini zaiflashtirish va qaror qabul qilish salohiyatini izdan chiqarishdan iborat. Tuzilma rahbari Tomas Arenkilning ma’lum qilishicha, Rossiya Daniya va boshqa G‘arb mamlakatlariga qarshi gibrid urush olib bormoqda va bu orqali u NATO ichida ishonchsizlik va ixtilof urug‘ini sochish, hamda Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni susaytirishni maqsad qilgan.
Daniya hududidagi aeroportlar va muhim strategik ob’ektlar ustida dronlar uchishi kuzatilgani sababli ba’zi vaqtlarda fuqarolik dronlariga osmonni vaqtincha yopishga va hatto Kopengagen hamda shimoldagi Olborg aeroportlarida parvozlarni to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. Hozircha dronlarni kim uchirgani aniqlanmagan, ammo daniyalik rasmiylar buning ortida Rossiya turganidan shubhalanmoqda. Ammo shunday taxminlar fonida Rossiya o‘zining “soya floti” orqali neftini Boltiq dengizi orqali tashishni muhofaza qilish uchun qiruvchi samolyotlar va boshqa turdagi uchoqlardan foydalanayaptiganini ham unutmaslik lozim. Bunday sharoitda esa NATO hududlari jumladan Polsha, Estoniya, Finlyandiya va Ruminiyaning havo hududini buzib kirish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Ushbu voqealarga Putin va Medvedevning munosabati esa yanada ajablanarli. Chunki biri hazillashib, bu hududlarga boshqa dron uchirmaslikni kinoya qilsa, boshqasi jiddiy tarzda dronlarni Moskva uchirgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi. Xususan, Vladimir Putin 2 oktyabr kuni “Valday” xalqaro munozara klubi majlisida dronlar haqidagi ayblovlarga hazil bilan javob berib:“Biz Fransiyaga ham, Daniyaga ham, Kopengagenga ham endi dron yubormaymiz”, deya sarkazm qilgandi. U Rossiyada “Lissabongacha uchadigan dronlar” yo‘q va Yevropa shaharlarida ular uchun nishon ham mavjud emasligi, G‘arbning ayblovlarini esa “vaziatni keskinlashtirish va mudofaa xarajatlarini oshirishga tayyorgarlik usuli” deb ataydi. Medvedev esa ushbu dronlar kimga tegishli va nima maqsadda uchirilganiga 5 ta ehtimolni keltirib, eng so‘nggida Rossiya uchirgan bo‘lishi mumkin degan taxminni bildirgani bir tomondan shubhali, boshqa tomondan esa kulgili bo‘ldi. Chunki Rossiyaning sobiq prezidenti va bosh vaziri bugun bachkana provakatsiyalar bo‘yicha ilmiy ish yoqlamoqda.
Vaziyat esa shunchalik xatolik qilish yoki hazil qiladigan holatda emas. Chunki AQSHdagi Urushni o‘rganish instituti mazkur jarayonlarni umumlashtirib, buni Kremlning NATO bilan urushga tayyorgarlik doirasida olib borayotgan faol strategik harakatlari deb baholamoqda. Unga ko‘ra, Rossiya kelajakdagi to‘qnashuv uchun informatsion va psixologik muhit shakllantirmoqda. Urushni o‘rganish instituti tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya razvedkasi NATO davlatlariga qarshi Moskvadan yashirin va ochiq hujumlar, radioelektron urush vositalariga aralashish, GPS signalini to‘sish va havo provokatsiyalari kabi hujumlarni amalga oshirmoqda. Bularning barchasi Rossiyaning “harakatlar uchun sharoit yaratish ishlarini olib borayotganini” ko‘rsatadi. Ammo Kreml hozircha NATO bilan to‘liq miqyosdagi urush boshlash haqida qaror qabul qildi degan xulosaga borishga hali erta. Chunki Rossiyada ayni damda bu ehtimoliy to‘qnashuvga yetarli bo‘lgan juda keng ko‘lamli harbiy safarbarlik kuzatilmayapti.
Shunga qaramasdan, mutaxassislar bu harakatlarning ortida Moskvaning uzoq muddatli strategik rejalari, jumladan, NATO bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik kabi maqsadlar yotganini taxmin qilayapti. Chunki bunday provakatsiyalar bilan bir vaqtda Rossiya o‘zining NATO bilan tutash bo‘lgan g‘arbiy chegarasidagi harbiy okruglarni qayta tashkil etish va Finlyandiya bilan chegarada yangi harbiy bazalar qurish ishlarini amalga oshirmoqda.
Live
Barchasi