Ahvoli og‘irlashgan Jirinovskiy yaqinlarini tanimay qoldi
Olam
−
11 fevral 2022
19187Rossiya Liberal-demokratik partiyasining koronavirusga chalinib, shifoxonaga yotqizilgan raisi Vladimir Jirinovskiyning ahvoli og‘irlashdi.
Uning atrofidagi manbalarning bildirishicha, Vladimir Jirinovskiy qarindoshlari, hamkorlari, yaqinlari va shifokorlarini tanishni to‘xtatgan. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Shifokorlar kasallikning keyingi rivojlanishini bashorat qila olmayapti.
9 fevral kuni siyosatchi COVID-19 fonida rivojlana boshlagan ikki tomonlama pnevmoniya bilan shifoxonaga yotqizilgandi. O‘pkaning shikastlanish darajasi bir tomondan 30%, boshqa tomondan 50% edi. Rossiya matbuotiga ko‘ra, u nafas olish apparatiga ulangan, biroq Jirinovskiyning qandli diabeti progressiv bo‘lganligi sababli davolash murakkablashgan.
Vladimir Jirinovskiy sobiq sovet davlatlariga aloqador turli xil tuturiqsiz provokatsion fikrlar bildirishi bilan odamlarga yaxshi tanish. Ko‘plab ekspertlar uni "Kremlning og‘zi" deb hisoblaydi.
So‘nggi bor u Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan tartibsizliklar SSSR tarkibida bo‘lgan barcha respublikalarda sodir bo‘lishini aytgandi.
Avvalroq, rossiyalik siyosatchi Qozog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida ko‘rinmay qolgan mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevni o‘ldiga chiqargandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay,Nazarboyev qozoq xalqiga murojaat yo‘llagan, tirikligini ko‘rsatgandi.
LiveBarchasi