Aholining qarzini qaytarish holati bilan bog‘liq xavotirlar ortib bormoqda – MB

Jamiyat

image

O‘zbekistonda aholi qarz yuki sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2023 yil I yarim yillikdagi moliyaviy barqarorlik sharhida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 6 oy davomida mamlakatda chakana kreditlash segmentida faollik keskin oshgan. Xususan, aholining yalpi va ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz yuki o‘sib boryapti.

“O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yuqori kreditlash jarayonining kuzatilishi natijasida jami kreditlarning yalpi ichki mahsulotga nisbati yuqori darajada shakllandi. Aholiga taqdim etilayotgan kreditlar qoldig‘ining yillik hisobda tez sur’atlarda o‘sishi moliya tizimida kredit tavakkalchiliklari ko‘payishiga, shuningdek, nisbatan kam daromadli qarzdorlarning kreditlarni qaytara olmaslik xavfining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi sharhda. 

Ma’lum qilinishicha, qarzga xizmat ko‘rsatish nisbati aholining jami kreditlari bo‘yicha qarz yukiga nisbatan past darajada shakllanayotganini, ammo yuqori o‘sish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.

Joriy yil yanvar-iyun oylarida aholining jami kreditlari bo‘yicha qarzga xizmat ko‘rsatish nisbati bir oz ortgan. Aholining qarzdorlik darajasining ortishi moliya tizimi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holda nafaqat qarzdorlarning, balki kredit beruvchi tashkilotlarning ham ehtimoliy shoklarga zaifligini oshirishi mumkin.

“Aholining qarz majburiyatlarini bajarish holati bilan bog‘liq xavotirlar ortib bormoqda. Jumladan, jismoniy shaxslarning qarzga xizmat ko‘rsatish koeffitsiyenti o‘suvchi trendni namoyon etdi. Bu bevosita chakana kreditlar bozorida faollikning oshishi bilan izohlanadi. Ushbu trendning saqlanib qolishi jismoniy shaxslar daromadining ko‘proq qismi qarzlarni so‘ndirishga yo‘naltirilganini hamda ularning daromad va boshqa shoklarga nisbatan ta’sirchanligining ortishi bo‘yicha xatarlarning mavjudligini ko‘rsatmoqda”, deyiladi Markaziy bankning sharhida.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvining 2023 yil 26 oktyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank kredit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing