Aholining 83 foizi O‘zbekistonda korrupsiya bor deb hisoblaydi

Jamiyat

image

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan 2020 yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida jamoatchilik fikri” mavzusida so‘rov o‘tkazildi.

Ko‘pchilik respondentlar (83,2 foiz) mamlakatda korrupsiya mavjudligini e’tirof etgan hamda korrupsiya davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-axloqiy holatiga zarar yetkazadi, aholining davlat organlariga va adolatga ishonchini pasaytiradi, deb hisoblaydi.

66,1 foiz fuqarolarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston korrupsiyaning tarqalishi yuqori darajada bo‘lgan mamlakatlar toifasiga kirmaydi. Fuqarolar fikricha, bu keyingi yillarda davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanish amaliyotining soddalashtirilishi va jadallashtirilishi, ma’muriy to‘siqlar bartaraf etilishi, davlat qarorlari qabul qilinishining ochiqligi, mansabdor shaxslar javobgarligi kuchaytirilishi, shuningdek, korrupsionerlarni fosh qilish jarayoni yanada oshkora tus olayotgani va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilayotgani bilan bog‘liq.

Tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, xizmatlardan foydalanuvchilarning manfaatdorlik darajasi yoki tez-tez murojaat qilishi jamiyat yoki davlat hayotining u yoki bu sohasida korrupsiya tarqalish darajasiga ta’sir qiladi. 32,4 foiz so‘rov ishtirokchilari fikricha, korrupsiyaviy o‘zaro munosabatlar fuqarolarning ishga joylashishi sohasida eng ko‘p tarqalgan. So‘rov ishtirokchilarining qayd etishicha, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar va idoralar, firmalar va korxonalar rahbarlariga amalda kadrlarni tanlash, bo‘shatish, ishga qabul qilish masalalarida cheklanmagan vakolatlar berilgan, sub’ektiv yondashuv va korrupsiya holatlari bo‘lishi mumkin, bular ishga kiruvchi shaxslardan moddiy foyda olishda ifodalanadi.

32,4 foiz fuqarolar fikricha, sog‘liqni saqlash tizimi korrupsiyaga duchor bo‘lgan, bu ayniqsa pullik xizmatlarga va shifokorlar bepul ko‘rsatishi kerak bo‘lgan xizmatlar uchun ularga noqonuniy mukofot berishga, shuningdek, shifokorlarning farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar yoki yetkazib beruvchilardan olinadigan mukofoti evaziga bemorlarga narxi qimmat dorilar yozib berishiga tegishlidir.

So‘rov jarayonida aholining uchdan biri ta’lim tizimida korrupsiya tarqalganini qayd etgan. 


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

79

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing