Aholi uchun elektr energiyasi narxi oshiriladimi?
Jamiyat
−
11 Sentabr 2023
14042Aholi uchun elektr energiyasi tariflarini oshirish hamda tabaqalashtirilgan tariflarni joriy qilish bo‘yicha takliflar kiritish 2024 yilning may oyiga rejalashtirilmoqda. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida qatnashayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
“Aholi uchun elektr energiyasi tariflarini oshirish hamda tabaqalashtirilgan tariflarni joriy qilish bo‘yicha takliflar kiritish 2024 yilning may oyiga rejalashtirilmoqda. Buning uchun asosiy shart - davlat iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlay olishi kerak. Shundagina loyiha kiritiladi. Narx mo‘ljali 450-500 so‘m”, deydi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Unga ko‘ra, hozir e’lon qilingan loyihada faqat yuridik shaxslar uchun yangi tariflar belgilanishi nazarda tutilgan, lekin aholi uchun narxlar o‘zgartirilmayapti.
“Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin biz eng avvalo uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlashimiz kerak. Ya’ni narx oshsayu, lekin yana elektrda uzilish bo‘laversa, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Shu sababli biz hozirda generatsiyalarni oshirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtiryapmiz", dedi Mirzamahmudov.
Vazirning aytishicha, uzluksiz elektr yetkazib berish ta’minlay olingandagina, aholi uchun elektr energiyasida tabaqalashtirilgan tariflarni 2024 yilning 1 mayidan joriy qilish bo‘yicha loyihani Hukumatga kiritish rejalashtirilgan. Lekin bu aynan shu kundan narx oshishini anglatmaydi.
Tabaqalashtirilgan tarif deganda belgilangan “ijtimoiy norma”dan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan, aytaylik uyida basseyni, saunasi, ko‘plab maishiy texnikalari bor xonadonlar, ya’ni nisbiy olganda boy va o‘ziga to‘q xonadonlar uchun narx oshadi, degani. Hozir 85% aholi bir oyda 300 kW soatgacha elektr iste’mol qilyapti. Lekin qolgan 15% aholi ishlatayotgan elektr energiyasi hajmi mana shu 85% aholinikidan ko‘proq”, dedi Energetika vaziri.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda energetikadagi muammolarning oldini olish maqsadida 1 oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun elektr va gaz narxini erkinlashtirish rejalashtirilayotgani aytilgandi. Bu bo‘yicha hukumatning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilingandi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi