Aholi nega mavsumiy issiqlik energiyasiga yil bo‘yi pul to‘laydi?
Jamiyat
−
17 iyul 2019
4623Aholi mavsumiy foydalaniladigan issiqlik tizimi uchun yil bo‘yi pul to‘lashi lozim. Ammo nega shunday? Bu savolga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev javob berdi.
“Respublika bo‘yicha mavjud 34 500 ta ko‘p vaqatli uyning 60 foizi markazlashgan issiqlik tizimi loyihasi bo‘yicha isitiladi. Bu eski loyiha bo‘yicha qilingani va ochiq tizimda ishlagani bois juda katta elektr energiyasi va toza ichimlik suvini talab etadi. Ya’ni, sovuq suvni olib, gazni xarid qilib, issiq suvni yetkazib berish katta xarajat talab qiladi. Agar bu xarajat uch oyga bo‘linadigan bo‘lsa, aholiga og‘irlik qiladi. Shuning uchun bu summani 12 oyga bo‘lamiz. Yilning qolgan 9 oyida esa issiq suv ishlab chiqaramiz”, dedi Soliyev OAV vakillari bilan o‘tkazilgan muloqot davomida.
Vazir o‘rinbosari Nazirjon Nazirovning aytishicha, respublika bo‘yicha 34 mingta ko‘p qavatli uyga 4500 dan ortiq shirkat xizmat ko‘rsatyapti. Har bir uy xatlovdan o‘tkazilgan va ularning 20 mingdan ortig‘i ta’mirga muhtoj, 450 dan ortiq avariya holatidagi uylardir.
“Tasdiqlangan Dasturga ko‘ra, 2021 yilgacha mahalliy, respublika byudjeti va bank kreditlari asosida O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uylarning barchasini to‘liq ta’mirlanadi. Shu maqsadda tijorat banklaridan 1 trln 260 mlrd so‘mlik mablag‘ jalb qilingan. Bu mablag‘lar xalqdan tushayotgan pul bilan qoplanishi kerak. Ammo bugungi kunda 150 mlrd so‘mlik muammoli kreditlar paydo bo‘lgan. Majburiy to‘lovlarni undirish masalasi ayniqsa, Toshkent shahrida yaxshi ketmayapti”, deya ta’kidladi Nazirjon Nazirov.
Mutasaddilar ichimlik suvi tashib yetkaziladigan eng ko‘p aholi punktlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro viloyatlarida joylashganini bildirdi.
“Ichimlik suvi bo‘yicha eng og‘ir ahvol Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida. Bu yerda Prezidentimizning viloyatga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar asosida maxsus loyiha amalga oshirilmoqda”, dedi vazir o‘rinbosari Tohir Haydarov.
Loyiha asosida tumanga 77 km uzunlikdagi suv quvurlari olib kelinmoqda va bu orqali hududda 16 ta suv tarqatish markazi quriladi. Natijada aholining 76 foizi ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.
Qayd etilishicha, yana shunday joylar joylar borki, ichimlik manbasi bor, ammo ichishga yaroqsiz. Masalan Buxoro viloyatida. Ularga suvni chuchuklashtiruvchi uskanalar yordamida aholiga iste’molga yaroqli suv yetkazib berilmoqda.
LiveBarchasi