99 yoshli onaxon samolyot qanotida uchib, jahon rekordini o‘rnatdi (video)
Olam
−
13:10 622 2 daqiqa
Buyuk britaniyalik 99 yoshli Xelga Daffi samolyot qanotida uchish bo‘yicha dunyodagi eng keksa ayolga aylanib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xelga Daffi Uiltshir grafligidagi Devizes shahridagi qariyalar uyida yashaydi. U 97 yoshli Betti Bromeyjning samolyot qanotida uchgani haqidagi xabarni ko‘rib, o‘zi ham bu sinovni amalga oshirishga qaror qilgan.

Daffi Glostershir grafligining Sirensester shahridagi RFC Rendcomb aerodromida parvoz qilgan. U kichik samolyot qanotining ustiga maxsus moslamalar yordamida mahkamlangan holda uchgan. Parvoz davomida u yerda turgan odamlarga qo‘l silkib turgan.
“Qo‘rqmadim, chunki juda hayajonda edim”, degan Xelga parvoz taassurotlari haqida.
U qanotda uchish hissini “o‘zgacha” deb ta’riflagan.
Xelga yetti farzandli oilaning to‘ng‘ich farzandi bo‘lgan. Uning aytishicha, otasi bu yutug‘idan faxrlangan bo‘lardi.
“U bizdan doim eng yaxshisini kutardi. Shuning uchun men hamisha shunga intilganman. Agar u hozir qayerdadir bo‘lsa, to‘ng‘ich farzandi bilan juda faxrlangan bo‘lardi, deb o‘ylayman”, deydi u.
Parvoz yakunida Xelgaga Ginnesning rekordlar kitobi vakillari tomonidan rasmiy sertifikat topshirilgan. U ushbu parvoz orqali Wiltshire and Bath Air Ambulance xayriya tashkiloti uchun ham mablag‘ yig‘gan. Tashkilot vakili Sem Konveyning ma’lum qilishicha, Xelga 1 300 funt sterlingdan ortiq mablag‘ to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
Xelganing parvozini tomosha qilgan jiyanlari Jeki Rouz va Juli Pris uni mustaqil va qat’iyatli ayol sifatida ta’riflagan. Ularning aytishicha, Xelga uzoq vaqtdan beri noodatiy ish qilishni istagan va yoshi 99 da bo‘lsa ham, avvalgidek faol ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.
Xelga rekordini yangilagan 97 yoshli Betti Bromeyj ham uni tabrikladi. Biroq u 100 yoshga to‘lgach, yana samolyot qanotida uchib, rekordni qaytarib olishga umid qilayotganini hazil bilan aytdi. Betti bungacha olti marta qanotda parvoz qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kanadalik 61 yoshli Donna Jin Vilde qorin mushaklarini chiniqtirish mashqi – plankani 5 soat davomida bajarib, ayollar o‘rtasida jahon rekordini o‘rnatgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi