9 yildan beri xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Turkiyada ushlandi

3-sahifa

−

image

Uzoq yillardan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi Turkiyada aniqlandi va qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik natijasida Istanbul shahrida uzoq yillardan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi (bosqinchilik) bilan ayblanib, 2017 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan F.F.N. Turkiyada ushlangan. Shu tariqa, uning qariyb 9 yil davomida tergov va javobgarlikdan yashirinib yurishiga chek qo‘yilgan.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan A.M.A. ham qo‘lga olingan.

Bildirilishicha, mazkur shaxslar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlariga topshirilgan. Hozirda ularga nisbatan tegishli tergov va protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.

“O‘zbekiston va Turkiya vakolatli idoralari o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ularning javobgarlikdan qochib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi hamkorlik izchil davom etmoqda“, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq firibgarlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Gruziyada ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing