9 yoshli qizchaga jinsiy yo‘l bilan yuquvchi dardga qarshi vaksina nega kerak?

Salomatlik

image

O‘zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida xabar berildi.

311 ming ayolni hayotdan olib ketayotgan dard

Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018 yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 nafardan ortiq ayollar vafot etadi.

Dunyoda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham ushbu xastalik ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi va kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa tug‘ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yurtimizda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.

12 ta infeksiyaga qarshi emlanamiz

Milliy emlash taqvimiga ko‘ra, mamlakatimizda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.

Xozirda yurtimizdagi barcha 9 yoshli o‘smir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanmoqda. Mazkur vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pulli asosda bajariladi. Mamlakatimizda esa, o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha esa 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishiladi.

96 ta davlatda mavjud vaksina

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti odam papillomasi virusiga qarshi vaksinani barcha immunizatsiya dasturlariga kiritishni tavsiya etadi. Bugungi kunda jahonning 96 davlati uni o‘z milliy emlash taqvimiga kiritgan. Ularning orasida Buyuk Britaniya, Daniya, Shvetsiya, Finlandiya kabi qator Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada, Avstraliya va Lotin Amerika mamlakatlari ham bor. 2006 yildan boshlab shu kungacha butun dunyoda 100 million nafardan ortiq odam ushbu vaksina bilan emlangan. Mazkur vaksina nafaqat saratondan himoyalash, balki, reproduktiv a’zolar salomatligini ham yanada mustahkamlash xususiyatiga ega.

OPV – dunyo bo‘ylab juda keng tarqalgan virus. Uning 100 dan ortiq turi bo‘lsa, 14 ta ko‘rinishi onkogen harakterga ega. Mazkur virus asosan jinsiy yo‘l bilan yuqadi.

Saratondan himoyalanishga kafolat ortdi

Bachadon bo‘yni saratoni ayollarning ko‘p tarqalagan onkologik kasalliklari orasida yetakchilik qiladi. Barvaqt aniqlansa, to‘liq davo topishga kafolat bor (80 foiz). Ammo afsuski, ko‘p hollarda kech bosqichlarda aniqlanadi. Immuniteti yaxshi bo‘lgan ayolda bachadon bo‘yni saratoni 15-20 yil davomida rivojlanadi. Immuniteti past bemor uchun 5-10 yil kifoya. Infeksion xastaliklar (genital gerpes, xlamidioz, gonoreya) bachadon bo‘yni saratoni yuzaga chiqishini kuchaytirib yuboradi.

OPVga qashi profilaktik emlash 9 yoshdan e’tiboran amalga oshiriladi. 14 yoshga qadar vaksinani olishga ulgurish kerak. Bu jiddiy xastalikka qarshi kurashning samarali va xavfsiz yo‘lidir.

Ayrim mamlakatlarda ushbu vaksina o‘g‘il bolalarga nisbatan ham qo‘llaniladi, chunki u erkak jinsiy organlari saratonidan ham himoslaydi. Bundan tashqari, odam papilloma virusi jinsiy yo‘l bilan yuqish nuqtai nazaridan ayollar bilan bir qatorda erkaklarga ham xavf soladi. Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xulosasi va tavsiyasiga asosan, vaksina 9-14 yoshli qizlarga bag‘ishlangan.

30 yoshdan so‘ng ayollarga bachadon bo‘yni saratonidan himoyalanish maqsadida bachadon bo‘yni skriningi tekshiruvi qo‘llaniladi. Bu barcha ayollar uchun teng tavsiyadir. Chunki u orqali bachadon bo‘yni saratonidan erta voqif bo‘lish va mufassal davoga erishish mumkin. OIV bilan zararlangan ayollarga 30 yoshdan ham ertaroq, to‘g‘rirog‘i OIV aniqlanishi bilanoq bachadon bo‘yni skriningini amalga oshirgan ma’qul.

Bachadon bo‘yni saratonining alomatlari

Erta bosqichda:

  • Hayzdan tashqari vaqtlarda qonli ajralmalar;
  • Klimaksdan o‘tgan, qondan qolgan ayolning hayz ko‘rishi;
  • Jinsiy aloqadan keyingi qonashlar;
  • Qindan keluvchi odatiy ajralmalar miqdorining ko‘payishi, yoqimsiz xid kelishi.


Kech bosqichda yuqoridagi bezovtaliklarga quyidagilar ham qo‘shiladi:

  • Bel, oyoq, tos sohasidagi doimiy og‘riq;
  • Tana vaznining keskin kamayishi;
  • Lanjlik, tez charchash;
  • Ishtahaning pastligi.


Bachadon bo‘yni saratoni tashxisi gistologik tekshiruvlar natijasiga muvofiq qo‘yiladi. Shish hajmi va boshqa a’zolarga tarqalganlik holatiga ko‘ra kasallik darajasi belgilanadi. So‘ng shundan kelib chiqib, davo chorasi belgilanadi. Bu nurli terapiya, kimyoterapiya yoki jarrohlik amaliyoti bo‘lishi mumkin.

FAKT:

Papilloma virusi bilan faqat jinsiy yo‘l emas, maishiy yo‘l, ya’ni jamoat joylaridagi hojatxona, hammom, basseyn, sport zallarida, shuningdek, erkaklar soqol olish, ayollar epilyatsiya qildirish payti zararlanib qolishlari mumkin.

Durdona Alimova,

O‘zbekiston "Adolat" SDP
Matbuot xizmati mas’ul xodimi


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Bachadon bo'yni saratoni papilloma vaktsina

Baholaganlar

397

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing