9 may Rossiya uchun global qudratini qumsash bayrami – Rabbimov
Olam
−
09 may 2023
12317O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov 9 may Rossiyada nega bunchalik katta bayram sifatida nishonlanishi haqida o‘z fikrlarini bayon qildi.
Rabbimovga ko‘ra, mazkur bayram faqatgina Rossiyaning fashizmdan xalos bo‘lgani uchun nishonlanmaydi.
“Nega Rossiya 9 mayni bu qadar katta bayram qiladi? Sababi faqat Gitler Germaniyasidan sog‘-omon qolganida emas. Balki ikkinchi jahon urushidan keyin, SSSR nomi ostidagi tarixiy Rossiya, bir tomondan o‘zining ichki ziddiyatlarini yengdi. Hali qovushmagan SSSR Gitlerga qarshi birlashdi, ichki birlik paydo bo‘ldi. Separatizm pasaydi”, deb yozadi siyosatshunos.
Shuningdek, Rabbimov urushdagi g‘alaba tufayli Rossiya imperiyasi kengayganini ham aytib o‘tgan.
“Yangi hududlar sifatida Boltiqbo‘yi respublikalarini mustamlaka qildi. Varshava kelishuvi nomi ostida Sharqiy Yevropa va dunyo davlatlari ustidan o‘z ta’sirini kuchaytirdi”, deydi Kamoliddin Rabbimov.
Uning fikricha, 9 may Rossiya uchun imperiyani mustahkamlash, kengayish va global xukmronlikka o‘tish davri hisoblanadi.
“Shuning uchun, 9 may, Rossiya uchun – global hokimiyatni, qudratni qumsash bayrami. Imperiyachilikning xumori tutganda, 9 may kuni, qizil maydonda eski, chang bosgan kostyumni kiyib, zanglagan medallarini taqib, boshqalarni qo‘rqitishni istaydi. Lekin imperiya so‘nmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan siyosatshunos.
Darhaqiqat, bugun bo‘lib o‘tgan parad ko‘pchilik siyosiy tahlilchilar tomonidan Rossiya harbiy qudrati so‘na boshlaganining belgisi sifatida ta’riflanmoqda. Chunki Ukrainaga urush e’lon qilinmasidan avval paradlar keng qamrovda o‘tkazilar va bir qator xorijiy mehmonlar taklif etilardi. O‘tgan yili 9 may paradiga hech kim bormagan bo‘lsa, bu yil faqat Markaziy Osiyoning beshta davlati yetakchilari, Armaniston Bosh vaziri va Belarus Prezidenti Kremlga tashrif buyurdi.
Bundan tashqari, Rossiyaning 24 ta shahrida g‘alaba paradi bekor qilindi, qolgan hududlarda esa bayram tadbirlari qisqartirildi yoki qisman to‘xtatildi. Qizil Maydondagi asosiy parad esa bor-yo‘g‘i 47 daqiqa davom etdi, hatto uning aviatsion texnikalar bilan bog‘liq qismi xavfsizlik nuqtai nazaridan bekor qilindi.
Paradda namoyish etilgan harbiy texnikalar ham ko‘pchilikda ba’zi savollarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Unda oldingi yillardagidek zamonaviy rus tanklari o‘rniga faqat Ikkinchi jahon urushi davrida Sharqiy Yevropada fashistlarga qarshi janglarda qo‘llangan T-34 tanklari namoyish etildi.
Bir necha o‘nlab zirhli transportyorlar, chechen qo‘shinlari tomonidan qo‘llaniladigan og‘ir taktik mashinalar va uzoq masofali zenit tizimlaridan tashqari bir vaqtlar Rossiya arsenalining muhim tarkibiy qismlari bo‘lgan jangovar texnikalar ham negadir paradda ko‘rinmadi. Tahlilchilarning taxminlariga ko‘ra, bu texnikalar yo Ukrainadagi urushda qo‘llanmoqda yoki harbiy harakatlar vaqtida ishdan chiqqan bo‘lishi mumkin.
Moskvada natsizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi nishonlanayotgan bir paytda esa Baxmutda jang qilayotgan “Vagner” armiyasining rahbari Yevgeniy Prigojin uning qo‘shinlarida qurol-yarog‘ va o‘q-dori taqchilligi kuzatilayotgani haqida bot-bot ta’kidlamoqda. Uning aytishicha, hozirda Baxmutdagi “Vagner” askarlarining qurol-yarog‘ uchun ehtiyoji 90 foizni tashkil qilmoqda. Shuning o‘zi ham nima uchun Kremldagi bu yilgi parad nisbatan “kamtarona” o‘tkazilgani haqidagi savolga javob bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi