9-kun. Eron aholisi Oyatullohni qo‘llamoqda
Tahlil
−
21 iyun 12172 3 daqiqa
Isroil va Eron o‘rtasidagi urushning 9-kuni ham o‘tib bormoqda. 13 iyundan beri hech bir kun havo hujumlarisiz o‘tmadi. Har kuni tomonlar bir-biriga hujum uyushtiradi, javob zarbasi yo‘llaydi.
20 iyun kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Jenevada Britaniya, Fransiya va Germaniya Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazganiga qaramay, 21 iyun kuni ertalab Eron va Isroil o‘zaro yangi hujumlarni amalga oshirdi.
Eronning “Fars” agentligi xabar berishicha, Isroil mamlakatdagi eng yirik yadroviy ob’ektlardan biri – Isfahon yadroviy majmuasiga hujum qilgan. Ammo radiatsion moddalar oqib chiqmagan. Qum shahridagi bir bino ham nishonga olingan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 16 yoshli yigit halok bo‘lgan va yana ikki kishi yaralangan. Isroilning aqldan ozgan Mudofaa vaziri Kats esa Qumga berilgan zarba oqibatida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Falastin bo‘limi rahbari Said Izadiy yo‘q qilinganini da’vo qilmoqda. Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Isroil va Eron o‘rtasidagi urushda eng muhim nuqta bo‘lib turgan va hatto ehtimoliy yadroviy zarba yo‘llash uchun nishon hisoblanadigan Fordo uranni boyitish zavodi Qum yaqinida joylashgan.
O‘z o‘rnida Eron tomonidan ham Isroilga raketa zarbalari yo‘llangan. Tel-Aviv va markaziy hududlarda havo hujumi sirenalari yangragan. G‘arbiy Sohildagi Isroil tomonidan bosib olingan hududlarda ham shunday holat kuzatilgan. Qurbonlar haqida esa ma’lumotlar mavjud emas. Umuman olganda, xorijiy OAV faqatgina Erondagi qurbonlarning raqamlarini keltirmoqda. Jumladan, “The Guardian” nashri Isroil hujumlari boshlanganidan beri Eronda 430 tinch aholi halok bo‘lgani, 3500 dan ortiq kishi jarohat olgani haqida xabar berdi. Human Rights Activists News Agency esa Isroil havo hujumlari oqibatida tinch aholi, harbiylar va yadro olimlarini qo‘shib hisoblaganda Eronda 639 nafar o‘lim holati kuzatilganini e’lon qildi. Ammo Isroildagi qurbonlar soni bir necha kundan buyon yangilangani yo‘q. Eron zarbalari oqibatida halok bo‘lgan yahudiy davlati fuqarolari soni 24 nafarga yetdi deya e’lon qilingandan buyon bu raqam o‘zgarganicha yo‘q.
Eronda mafkuraviy birlik hali ham mustahkam
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va boshqa rasmiylar AQSH bilan muzokaralar faqatgina Isroil agressiyasi to‘xtagandagina boshlanishini aytib kelmoqda. Shunday qat’iy pozitsiyada Aroqchi AQSHni chetlab, 20 iyun kuni Jenevaga Yevropa Tashqi ishlar vazirlari bilan muzokara o‘tkazish uchun bordi. Biroq Jeneva muzokaralarida jiddiy ildamlashuv kuzatilmadi. Tramp Eron faqat AQSH bilan gaplashishni istashini, Yevropaga bu masalada umid qilish noto‘g‘ri ekanini bildirdi. Bu orada esa AQSH Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilgani aytilmoqda. Sanksiyalar ro‘yxatiga “terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish” ayblovi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, kemalar kiritilgan. Ular orasida Eronning Xitoy, Turkiya, Yaman va boshqa mamlakatlardagi tashkilotlari ham bor.
Biroq Erondagi mavjud hokimiyatni ag‘darishda xalqqa ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘layotgan qochoq valiahd Rizo Pahlaviy va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 45 yillik mustahkam mafkuraning kuchini noto‘g‘ri baholaganga o‘xshamoqda. Chunki eronliklar mamlakat yetakchilarini qo‘llab namoyishlar o‘tkazmoqda. Aholi juma namozidan keyin shahar ko‘chalariga chiqib, o‘z yetakchilarini qo‘llab-quvvatlovchi shiorlar aytishgan. Avvalroq esa Netanyaxu o‘zini forslarning xaloskori sifatida tariflab, eronliklarni Oyatulloh hokimiyatidan xalos qilmoqchi ekani haqida safsatalar to‘qish bilan ovora edi.
Live
Barchasi