8 yilgacha qamoq. Yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish uchun jazo kuchaytiriladi

Jamiyat

image
Karantinda “snos” mojarosi: Yangiyo‘ldagi buzish ishlari nima sababdan amalga oshirildi? north_east

Karantinda “snos” mojarosi: Yangiyo‘ldagi buzish ishlari nima sababdan amalga oshirildi?

Ma’lumki, bugun, 11 may kuni Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tyapti. Majlisda senatorlar tomonidan “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi. 

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksi “Yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini bo‘zish” uchun javobgarlik belgilangan besh qismdan iborat 1731-moddasi bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu moddaning birinchi qismiga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy ishlar yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazo belgilash nazarda tutilmoqda. 

Moddaning ikkinchi qismida esa javobgarlikni og‘irlashtirilgan holatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish - olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi bino, boshqa imorat, inshoot yoki dov-daraxtlar yoxud ularning qismlarini, zararning o‘rni mazkur mol-mulkning bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplamagan holda buzib tashlashga sabab bo‘lsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa, muayyan huquqdan cheklangan holda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Moddaning uchinchi qismida xuddi shunday harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, aybdor uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va to‘rtinchi qismiga muvofiq, xuddi shunday harakatlar ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda yoki juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yuqorida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi yer uchastkalarini olib qo‘yish uchun javobgarlik ko‘rsatilgan 613-moddasi bilan to‘ldirilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi yer uchastkasini olib qo‘yish tartibiga rioya etmaganlik hamda buning oqibatida mulkdorlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlari  hamda  qonuniy  manfaatlarini  ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

er snos

Baholaganlar

128

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing