Xorazmda 1,2 mlrd so‘mga noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Jamiyat
−
05 iyul
4418Samarqand va Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida yer resurslarini noqonuniy ravishda sotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, 21 iyun kuni Samarqand viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati viloyat prokuraturasi va Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida 1997 yilda tug‘ilgan shaxs 1988 yilda tug‘ilgan fuqarodan Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasiga qarashli 10 yilga ijaraga foydalanish uchun berilgan 1 gektar yer maydonini 37 ming AQSH dollariga sotishini va hujjatlarini uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, firibgarlik yo‘li bilan oldindan 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
O‘tkazilgan surishtiruv tadbirlari davomida, u mazkur yerni 2023 yilning aprel oyida 1980 yilda tug‘ilgan Samarqand tumanida yashovchi shaxsdan 20 ming AQSH dollari evaziga sotib olganligi aniqlangan.
Shuningdek, Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Qo‘shko‘pir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1974 yilda tug‘ilgan Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi shaxs 1992 yilda tug‘ilgan fuqaroga Qo‘shko‘pir tumani “Yovg‘ir” mahallasida joylashgan 50 sotix yer maydonini turar joyqurish uchun 1 mlrd 270 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ta’kidlanishicha, holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Andijon viloyati Bo‘ston tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘zining nomida bo‘lgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik tasarrufidagi 10 gektar yer maydonini eksportbop mahsulotlar yetishtiriluvchi yer toifasiga o‘zgartirib, shuningdek, bu haqida tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak o‘simligi yetishtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgani aniqlangandi. U oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangandi.