Andijonda 46 ming dollarga noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
29 iyul
3110Andijon viloyatida ishlab chiqarish faoliyati uchun ajratilgan yer maydonini olib berishni va’da qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro Z.K. fuqaro A.A.ning ishonchiga kirib, boshqa bir fuqaro D.E.ga yoshlar kichik sanoat zonasida ishlab chiqarish faoliyati uchun ajratilgan 10 sotix yer maydonini 46 000 AQSH dollari evaziga tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib berishga va’da bergan. U oldindan 25 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
“Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand va Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida yer resurslarini noqonuniy ravishda sotgan shaxslar qo‘lga olingandi.