YTHni YPX xodimisiz rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi mumkin

Jamiyat

image

Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasida belgilangan.

Unga ko‘ra, tan jarohati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisalarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz bildirishnoma tuzish orqali rasmiylashtirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

•    agar yo‘l-transport hodisasi ikkita transport to‘qnashuvi natijasida sodir bo‘lsa (shu qatori tirkamali transport vositalari), shuningdek transport vositalari egalarining fuqarolik majburiyatlari mazkur qonunga asosan sug‘urtalangan bo‘lsa;

•    yo‘l-transport hodisasi natijasida transport vositasi shikastlanishi bilan bog‘liq sharoitlar, shikastlanish ta’rifi va ro‘yxati yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari o‘rtasida kelishmovchiliklarni (nizolarni) keltirib chiqarmasa va bu sharoitlar yo‘l-transport hodisasiga daxldor transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘ldirilgan bildirishnomada majburiy sug‘urtalash qoidalariga asosan aks ettirilsa.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan bo‘lsa, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi hujjatlar umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi va bu holatda bildirishnoma to‘ldirilmaydi.

Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokisiz rasmiylashtirilganida, yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma mazkur yo‘l-transport hodisasiga daxldor haydovchilar tomonidan ikki nusxada to‘ldirilib, ushbu haydovchilar tomonidan ularning fuqarolik majburiyatlarini sug‘urtalagan sug‘urtalovchilarga yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida taqdim etiladi.

Bunday hollarda sug‘urta tovonining jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar miqdori sug‘urta summasining 35 foizidan oshmasligi kerak.

Yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma rasmiylashtirilib, cug‘urtalovchiga taqdim etilgandan so‘ng yetkazilgan moddiy zarar miqdorida o‘zgarish aniqlansa, cug‘urtalovchi tomonidan faqatgina sug‘urta summasining 35 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi sug‘urta tovoni sifatida to‘lanadi.

Yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari bildirishnomani rasmiylashtirishi hamda mazkur hodisa sodir etilgan vaqtdan etiboran to‘rt soat ichida mastlik darajasini aniqlash bo‘yicha narkologik dispanserlarda yoki ushbu hududdagi sog‘liqni saqlash idoralari belgilagan tuman va shahar davolash-profilaktika muassasasida tekshiruvdan o‘tishi lozim.

Yo‘l-transport hodisasining ikki tomon ishtirokchilari mastlik holatini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganlik to‘g‘risida bayonnomani yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnomaga ilova qilishi shart.

Ma’lumot uchun, YTH haqidagi bildirishnoma – sug‘urtalovchi tomonidan beriladigan, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganligi haqida sug‘urtalovchiga xabar berish uchun mo‘ljallangan, yo‘l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan to‘ldiriladigan blank.


Maqola muallifi

Teglar

YTH YPX

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing