8,3 mln so‘mlik jarimani to‘lamagan haydovchining Onix’i xatlandi
3-sahifa
−
20 avgust 2024 3679 1 daqiqa
Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida haydovchining 16 ta jarimasi uchun Onix mashinasi xatlandi. Bu haqda viloyat Majburiy ijro byurosi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosining Bog‘ot tumani bo‘limi ish yurituviga YHXBning qarorlariga asosan, qarzdor X.X.dan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmay harakatlanishi oqibatida jami 16 ta 8,3 mln so‘mdan ortiq ma’muriy jarima undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari kelib tushgan.
Qarzdorga nisbatan byuroning tuman bo‘limi tomonidan berilgan ogohlantirishlarga qaramasdan, jarimalar to‘lanmagan.
Shundan so‘ng, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli bo‘lgan Onix xatlanib, bo‘lim binosiga olib kelingan.
“Endilikda, mazkur avtotransport vositasini auksion savdosi orqali sotish choralari ko‘rilib, savdodan tushgan pul mablag‘lari ma’muriy jarimalarni qoplashga yo‘naltiriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida jami 82 ta qoidabuzarlik sodir etgan fuqarodan salkam 34 million so‘m ma’muriy jarima qarzdorliklari undirilgandi.