72 mingdan ortiq sifatsiz tibbiy buyumlarni sotishga uringan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
31 iyul 2025 3154 2 daqiqa
Toshkent shahrida jami 240 mln so‘mlik 29 xil nomdagi 72 389 dona tibbiy buyumlarni sotish uchun saqlayotgan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro 72 000 dona tibbiy buyumlarni 111 mln so‘mga sotishga kelishib, oldindan 30 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadoni va avtotransport vositasini ko‘zdan kechirish jarayonida jami 240 mln so‘mlik 29 xil nomdagi 72 389 dona tibbiy buyumlar va “Magnikum”, “Relok”, “Dizenteron” va boshqa shu kabi 867 quti dori va biologik aktiv qo‘shimchalar sotish maqsadida saqlanayotgani aniqlangan.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” Davlat muassasasining tegishli xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari sifatsiz va saqlash sharoitiga amal qilinmagan bo‘lib, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.
Bildirilishicha, hozirda mazkur fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Buxoro viloyatining Buxoro tumanida sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdosiga barham berilgandi. Xususan, Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi 40 yoshli fuqaroning yashash xonadoni hamda unga aloqador bo‘lgan avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, “Imudon”, “Serebrolizin”, “Dofamin”, “Maaloks” kabi jami 78 nomdagi 978 quti sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Live
Barchasi