$700 mlnlik “Shahrizoda”. Italiyada “Putinga aloqador” yaxta ushlandi
Olam
−
07 may 2022
9920Italiya hukumati kecha, 6 may kuni Aleksey Navalniyning tarafdorlariga ko‘ra, aslida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga tegishli bo‘lgan “Shahrizoda” (“Scheherazade”) superyaxtasini qo‘lga oldi.
Ta’kidlanishicha, yaxta Marina di-Karrara portida ushlangan. Italiya Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabarida yaxtaning kimga tegishli ekanligi aytilmagan. Rasmiylar faqatgina Italiya moliya politsiyasi tomonidan olib borilgan tekshiruvlarda kemaning Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi Rossiya hukumatining yuqori martabali amaldorlari va shaxslari bilan “muhim iqtisodiy va biznes aloqalari” borligi aniqlanganini aytgan.
Italiya mahkamasining press-relizida aytilishicha, yaxta Yevropa Ittifoqi uni xatlab qo‘yish va haqiqiy egasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritmaguniga qadar hibsda saqlanadi.
“Shahrizoda” Kayman orollarida ro‘yxatga olingan va haqiqiy egasi noma’lum bo‘lgan Bielor Asset Limited ofshor kompaniyasiga tegishli. SuperYachtFan ma’lumotlariga ko‘ra, kema 700 million dollarga baholangan.
Yaxta bilan bog‘liq holda Putinning ismi bir necha bor paydo bo‘lgan. “The New York Times” gazetasining yozishicha, kema AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lgan “Yaqin Sharqlik milliarder yoki rossiyalik – hatto, janob Putinga” ham tegishli bo‘lishi mumkin.
Joriy yilning mart oyida Aleksey Navalniyning tarafdorlari yaxta va Kreml o‘rtasidagi aloqani aniqlashga muvaffaq bo‘lgan tergovni e’lon qilgan. Surishtiruvchilar yaxta ekipaji ro‘yxatini o‘rganib chiqib, uning kapitandan tashqari barcha a’zolari Rossiya fuqarolari ekanini aniqlagan. Ularning yarmi Federal xavfsizlik xizmati bilan bog‘liq bo‘lib chiqqan.
“Bu yaxtaning Putinga tegishli ekanligiga bundan yaxshi dalil topa olmaymiz. Hatto Moskvadan minglab kilometr uzoqlikda joylashgan Italiyada ham Putinning soqchilari va shaxsiy xodimlari sifatida rasman qayd etilgan odamlar ishlaydi”, degan surishtiruv mualliflari.
Ular ham Putinga qarshi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli yaxtani xatlovga olishni talab qilgan.
Yaxta ekipajining sobiq a’zosi yaxta haqiqatan ham Putinga tegishli ekani bortda tez-tez muhokama qilinganini aytgan. Mart oyida Italiyaning “La stampa” gazetasi Italiya huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib, yaxtaning rasmiy egasi “Rosneft” sobiq rahbari Eduard Xudaynatov ekanini xabar qilgan.
“Shahrizoda” uzunligi 140 metrdan ortiq bo‘lgan 14 ta yaxtadan egasi ochiqlanmagan yagona kema bo‘lib qolayotgandi. Yaxtada oltita paluba, oltita mehmonlar kayutasi, spa-salon, massaj xonalari, saunalar va sport zali mavjud. Kema raqs maydonchasiga aylanadigan basseyn bilan ham jihozlangan.
Yaxtada ikkita vertolyot maydonchasi va vertolyot uchun angar mavjud. Bortda uchta kamin bor: ikkita gaz va bitta o‘tin yoqiladigan kamin.
LiveBarchasi