7 oyda 6,1 mlrdlik yo‘llar “qo‘l uchida” ta’mirlangani aniqlandi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2022
5664Joriy yilning 7 oyi davomida yo‘llarda 139 ta holat bo‘yicha qariyb 6 mlrd 132 mln. so‘mlik qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilgan. Bu haqda AOKAda Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi Matbuot kotibi Komiljon Shamsiddinov ma’lum qildi.
“O‘zyo‘linspeksiya” tomonidan joriy yilning yanvar-iyul oylarida davomida – yo‘l qurilishi ob’ektlari, sun’iy inshootlar (ya’ni ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar) hamda yo‘l-qurilish materiallari ishlab chiqarishda normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi o‘rganilib, 3155 ta ob’ektda nazorat o‘tkazilgan.
Natijada 5846 ta qoida buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish uchun buyurtmachi, pudratchi, loyihachi va saqlovchi tashkilotlarga – 3590 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan. 3026 ta ko‘rsatmadagi qoida buzilishlar bartaraf etilgan. Qolgan 564 ta ko‘rsatmaning ijrosi ham qat’iy nazoratga olingan.
Inspeksiya tomonidan yetti oy ichida 139 ta holat bo‘yicha umumiy summasi qariyb 6 mlrd 132 mln so‘mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritilgan. Shundan 4 mlrd 203 mln so‘mlik 92 ta talabnoma ijrosi ta’minlangan. Ya’ni shuncha miqdorga baholangan, lekin amalda sifatsiz bajarilgan qurilish va ta’mir ishlari pudratchilar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan me’yoriy hujjatlar talablari asosida qaytadan bajarilgan.
Darvoqe, yo‘l qurilish ob’ektlarida qo‘pol qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan va davlat inspektorlari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni muddatida bartaraf etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 99- va 147-moddalariga ko‘ra 134 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilgan. 120 ta bayonnoma bo‘yicha 175 mln 410 ming so‘mlik jarima qo‘llangan.
7 oy davomida buyurtmachi korxonalar 133 ta tugallangan ob’ektni foydalanishga qabul qilish uchun “O‘zyo‘linspeksiya”ga murojaat qilgan. Komissiyaga taqdim etilgan ob’ektlarning yarmidan ko‘pi (aniqrog‘i, 79 tasi) “O‘zyo‘linspeksiya”ning hududiy davlat inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda, ularda loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilgan ishlar to‘liq bajarilmagani, ko‘plab kamchiliklar mavjudligi, ayrim ishlar umuman sifatsiz bajarilgani aniqlangan.
LiveBarchasi