7 davlat Hormuzni ochishga ko‘maklashishga tayyorligini e’lon qildi

Olam

image

Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Yaponiya va Kanada Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma bayonot berdi. Hujjat kecha, 19 mart kuni Britaniya hukumati saytida e’lon qilindi.

“Biz Eronning ko‘rfazdagi qurolsiz tijorat kemalariga, fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, neft-gaz ob’ektlariga qilgan so‘nggi hujumlarini, shuningdek, Eron kuchlari tomonidan Hormuz bo‘g‘ozining amalda yopib qo‘yilishini keskin qoralaymiz.

Mojaroning kuchayib borayotganidan chuqur xavotirdamiz. Biz Eronni tahdidlarni, minalar o‘rnatishni, uchuvchisiz apparatlar va raketalar yordamidagi hujumlarni, shuningdek, bo‘g‘ozni tijorat kemalari qatnovi uchun to‘sib qo‘yishga qaratilgan boshqa urinishlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Shuningdek, ushbu davlatlar Hormuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

“Biz bo‘g‘oz orqali xavfsiz o‘tishni ta’minlash bo‘yicha tegishli sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishga tayyorligimizni bildiramiz. Tayyorgarlik jarayonida ishtirok etayotgan mamlakatlarning intilishlarini olqishlaymiz”, deya bayonot berdi yetti mamlakat.

Ushbu davlatlar rasmiylari energetika bozorlarini barqarorlashtirish choralarini ko‘rayotganliklarini, jumladan, qazib olish hajmini oshirish maqsadida bir qator ishlab chiqaruvchi mamlakatlar bilan hamkorlik qilayotganliklarini ma’lum qilgan. Ular eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlarga, jumladan, BMT va xalqaro moliya institutlari orqali yordam ko‘rsatish ustida ishlashga va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp davlatlarni Hormuz bo‘g‘ozini ochishga yordamlashishga chaqirgan edi. Biroq ayrim mamlakatlar harbiy amaliyotlarda qatnashishdan bosh tortdi. Buning ortidan AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset AQSHning Yevropadagi ittifoqchilarini noshukrlikda aybladi. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Yaponiya va Kanadaning qo‘shma bayonoti AQSHning mazkur noroziliklari fonida yangramoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Eron neft' qo'shma bayonot Hormuz bo'g'ozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing