“7,4 mlrd so‘m o‘marilgan”. Toshkentdagi yo‘l o‘tkazgich o‘pirilishi bo‘yicha hukm o‘qildi
3-sahifa
−
04 avgust 9236 4 daqiqa
Joriy yilning 12 mart kuni Toshkent shahridagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasi atrofidagi yangi tunnel yo‘lida tirgak devorning bir qismi qisman o‘pirilib tushgan edi. Mazkur ish bo‘yicha 6 kishi sudlanib, ularga nisabatan sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, ushbu ish doirasida 6 kishi sudlangan. Xususan, “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” davlat muassasasi 12-turkumli umumiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmal Murodov, “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM direktor o‘rinbosari – bosh muhandisi Sanjar Mannonov, Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM muhandislik texnik nazorat va bajarilgan ishlarni qabul qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Zafar Shorahmedov, “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” DM ishlar bo‘limi ish boshqaruvchisi Abdumutal Isropilov, “Yo‘l loyiha byurosi” MCHJ 1-sun’iy inshootlarni loyihalashtirish bo‘limi loyiha bosh muhandisi Nurshod Mavlonov va “Grand nur yo‘l qurilish” MCHJ direktori Obid Odilov sudga jalb qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, ular o‘zaro til biriktirib, jami 7 mlrd 377 mln so‘m miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Oqibatida 12 mart kuni yo‘l o‘tkazgich tayanch devorining bir qismi qulab tushgan.
Hujjatda keltirilishicha, hukumatning 2022 yil 24 martdagi qarorida Toshkent halqa yo‘lining Temur Malik ko‘chasidan o‘tgan bir qismini hamda ushbu yo‘ldagi yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish va yangisini qurish belgilangan. Shu maqsadda “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” DM va “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM o‘rtasida 1-bosqich uchun 2024 yil yanvar oyida qiymati 118 mlrd 996 mln so‘mlik, 2024 yil avgust oyida qo‘shimcha kelishuvlar bilan 94 mlrd 15 mln so‘mlik pudrat shartnomalari tuzilgan.
Mazkur ob’ektda 4 ta monolit beton tayanch devorlarining ostki qismidagi poydevor, tayanch devorlari, yer ishlari, qayta ko‘mish ishlari, ustki asos qatlami va tayanch devorlarining tashqi bezak ishlari bilan jami 6 mlrd 177 mln so‘mlik yaroqsiz qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, 433 mln so‘mlik bazalt geosetka va 766 mln so‘mlik qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ishlari esa amalda bajarilmagan holda bajarilgan ishlar dalolatnomasiga kiritilgan.
Joriy yilning 31 iyul kuni ushbu ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida Akmal Murodov, Sanjar Mannonov, Zafar Shorahmedov, Nurshod Mavlonov va Obid Odilov aybiga iqror bo‘lmagan. Abdumutal Isropilov esa o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovga qisman iqrorligini bildirgan.
Sud hukmiga ko‘ra:
Akmal Murodov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan;
Sanjar Mannonov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi "a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan;
Zafar Shorahmedov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga ham uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan;
Abdumutal Isropilov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan;
Nurshod Mavlonov – Jinoyat kodeksining 28, 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 290,5 baravari, ya’ni 108 mln 937 ming 500 so‘m miqdorida jarima jazosi qoldirilgan;
Obid Odilov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28, 209-moddasi 2-qismi “a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Bosh prokuratura depozit hisobraqamiga qo‘yilgan jami 7 mlrd 377 mln so‘m pul davlat foydasiga o‘tkazilishi belgilangan. Hukmdan norozi taraflarga apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirish huquqlari tushuntirilgan.