6805 km yalangoyoq yurgan erkak Ginnesga kirdi
Olam
−
15:20 181 2 daqiqa
34 yoshli irlandiyalik Eymon Kivni Istanbuldan Irlandiyagacha oyoq kiyimsiz 6 805,83 kilometr yo‘l bosib, eng uzoq yalangoyoq sayohat bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda “Guinness World Records” xabar berdi.
Kivnining sayohati Turkiyaning Istanbul shahrida boshlangan. U 369 kundan so‘ng, 7 mart kuni Irlandiyaning Miyo okrugidagi tug‘ilib-o‘sgan Klermorris shahriga yetib borgan. Sayohatchi yo‘l davomida Turkiyadan keyin Bolgariya, Ruminiya, Vengriya, Avstriya, Germaniya, Fransiya, Angliya va Uels orqali o‘tgan.
Kivni yalangoyoq yurish bo‘yicha rekordni bundan avval 2016 yilda o‘rnatgan. O‘shanda u Irlandiya bo‘ylab 2 080,14 kilometr masofani oyoq kiyimsiz bosib o‘tgan. Biroq 2024 yilda polyak Pavel Durakevich 3 409,75 kilometr natija bilan bu rekordni yangilagan.

Yangi rekord uchun Kivni oyoqlarini oldindan chiniqtirgan. U imkon qadar ko‘proq yalangoyoq yurib va yugurib, oyoq tagidagi terini uzoq safarga tayyorlagan. Sayohat davomida esa barcha zarur buyumlarini ryukzagida o‘zi olib yurgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq vaqt asfalt yo‘llarda yurish natijasida oyoq tagidagi teri ayrim hollarda qonaguncha yeyilgan. Oyoqlariga tikan va mayda shisha siniqlari kirgan. Safar yakuniga yaqin tikanli butadan olgan jarohati infeksiyalanib, u bir hafta yo‘lga chiqa olmagan.
Ob-havo ham sayohatchiga qiyinchilik tug‘dirgan. Vengriyada yozning jazirama issig‘i sabab ba’zan bir-ikki kun to‘xtab dam olishiga to‘g‘ri kelgan. Keyinchalik esa safarning qishki qismida sovuq bilan kurashgan.

Kivni yo‘l davomida minglab odamlarning hayratli nigohlariga duch kelgan. Shunga qaramay, uning aytishicha, odamlar asosan qiziqish bilan munosabatda bo‘lgan va unga yordam berishga harakat qilgan.
Turkiyaning shimoli-g‘arbidagi Syulo‘g‘li shahrida esa mahalliy aholi unga alohida ko‘mak ko‘rsatgan. Kivnini it tishlaganidan keyin quturishga qarshi emlanish uchun shifoxona izlagan paytda bir turkiyalik erkak uni uyiga qahva va nonushtaga taklif qilgan. Uning nabirasi esa sayohatchiga shahardagi shifoxona joylashgan manzilni ko‘rsatadigan xarita chizib bergan.
Kivni bu bilan birinchi marta noodatiy rekord o‘rnatayotgani yo‘q. 2023 yilda u bir g‘ildirakli velosipedda Irlandiyani eng tez kesib o‘tish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi rekordni ham o‘rnatgan. U mamlakatni 5 kun 5 soat 23 daqiqada bosib o‘tgan.

Sayohatchining aytishicha, bir yil davom etgan ushbu safardan keyin u hozircha tiklanish bilan band. Biroq yangi rekord uchun yana bir bor yo‘lga chiqish ehtimolini ham inkor etmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng “ozg‘in” Fiat avtomobili Ginnesning rekordlar kitobiga kirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi