61 mingdan ortiq muxlis JCH finalini qayta o‘tkazishni talab qilmoqda

Sport

image

2026 yilgi Jahon chempionati finalida Ispaniyaga mag‘lub bo‘lgan Argentina terma jamoasi muxlislari FIFA’dan hal qiluvchi uchrashuvni qayta o‘tkazishni talab qilmoqda. Hozirda 61 mingdan ortiq muxlis ushbu talab bo‘yicha petitsiya imzoladi.

Joriy yilning 19 iyul kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan finalda Ispaniya qo‘shimcha vaqtda Argentinani 1:0 hisobida mag‘lub etib, Jahon chempioniga aylangan edi. Biroq uchrashuvdan keyin argentinalik muxlislar hakam Slavko Vinchichning bir qator qarorlaridan norozi bo‘lib, internetda keng ko‘lamli norozilik kampaniyasini boshladi.

Final yakunlanganidan ko‘p o‘tmay Change.org platformasida FIFA’dan final uchrashuvini qayta o‘tkazishni talab qiluvchi onlayn petitsiya e’lon qilindi.

Hozirga qadar ushbu murojaatni 61 500 nafardan ortiq kishi imzolagan bo‘lib, imzolar soni ortishda davom etmoqda.

Petitsiya muallifi Gisela Sanchesning ta’kidlashicha, sloveniyalik hakam Slavko Vinchichning bir qator qarorlari o‘yin taqdiriga ta’sir ko‘rsatgan. Uning fikricha, ayrim vaziyatlarda chiqarilgan qarorlar Argentina manfaatlariga zid bo‘lgan va final natijasiga ta’sir o‘tkazgan.

E’tiborlisi, 2026 yilgi Jahon chempionati davomida bunday kampaniyalar ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. Avvalroq Fransiya va Ispaniya o‘rtasidagi yarim finaldan keyin ham 82 mingdan ortiq fransuz muxlisi bahsli penalti qarori sababli uchrashuvni qayta o‘tkazishni talab qilib petitsiyaga imzo chekkan edi. Biroq o‘sha holatda ham FIFA rasmiy natijani o‘zgartirmagan va musobaqa natijalari o‘z kuchida qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 3 milliondan ortiq muxlis Argentina milliy terma jamoasini 2026 yilgi Jahon chempionatidan chetlatish talab qilingan petitsiya imzolagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing