60 ming quti “Dok-1 Maks” ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
04 yanvar 2023
9706Dekabr oyida O‘zbekistonga keltirilgan “Dok-1 Maks” dorisining 3 ta partiyasi, ya’ni salkam 60 ming qutisi qat’iy nazorat ostida saqlanmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Shuningdek, qo‘mita axborot xizmatining ma’lumot berishicha, ushbu dorining ilgari keltirilgan 2 ta partiyasi ham Davlat bojxona qo‘mitasi omborida ushlab turilibdi.
“Bojxona organlari tomonidan salbiy holatlar kuzatilgan ilk kunlardanoq dori vositasini erkin muomalaga chiqarmaslik bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan”, deydi Davlat bojxona qo‘mitasining matbuot kotibi Husan Tangriyev.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.
2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi.
LiveBarchasi