50 yil ichida O‘zbekistonning seysmologik xavfi oshmaydi – olim

Jamiyat

Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston ham seysmologik faol nuqtada joylashgan. Xo‘sh, agar O‘zbekistonda ham mana shunday kuchli zilzilalar sodir bo‘ladigan bo‘lsa, mamlakatdagi ilm-fan seysmologik nuqtayi nazardan prognozlarni oldindan aytib bera oladimi? Davlat bunday hodisalarga oldindan tayyorgarlik ko‘ra oladimi?

Aniqlanishicha, kelgusi 50 yil ichida O‘zbekiston hududining seysmik xavffi oshmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining G‘.O‘.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti direktori o‘rinbosari, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor Vohidxon Ismoilov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bu 90% lik ehtimol bo‘lib, mamlakatda seysmologik prognozlashtirish ishlari muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

“O‘zbekistonda seysmologiya, seysmik xavfni baholash, hududlashtirish ishlari 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan keyin juda jadallik bilan amalga oshirila boshladi. Bu mamlakatda Seysmologiya institutining ochilishi bilan bog‘liq. 1966 yildan boshlab bir qator ishlarning ko‘lamlari kengaytirildi. Masalan, agar o‘sha paytlarda O‘zbekistonda 7-8 ta kuzatuvlar o‘tkazilgan bo‘lsa, keyinchalik ularning soni 18-20 taga oshirildi. Toshkent zilzilasi bizga seysmik xavf borasida saboq bo‘lgan edi. Shuning uchun, biz tizimni boshqatdan ko‘rib chiqdik va O‘zbekiston hududida 7, 8 va 9 ballik zonalarni ajratib chiqdik.

Masalan, 8-9 ballik zonalar bu Farg‘ona vodiysi, 7-8 ballik zona Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo (ba’zan 9 ball), 7 ballik zona Buxoro viloyati ekani aniqlandi. Bu xaritadan biz yillar davomida foydalanib keldik. Shuningdek, 1978 yilda ham sobiq SSSR hududi bo‘yicha qaytadan seysmik rayonlashtirish ishlarini boshlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Shu tariqa O‘zbekistonda seysmik kuzatuv punktlari 28-30 taga oshdi. Natijada aniqlik va mukammallik kuchaydi”, deydi Vohidxon Ismoilov.

Uning aytishicha, xuddi shunday takomillashtirish ishlari 1996 yilda ham davom etib, O‘zbekistonning seysmik hududlarida Qurilish me’yoriy qoidalari ishlab chiqildi va rayonlashtirish xaritasini ham topshirdik. 2011 yilda rayonlashtirish xaritasini yanada takomillashtirdik. 

“Oxirgi marta 2017 yilda OSR-2017 ishlab chiqdik. Buning natijasida cheksiz davr ichida yer silkinishlari baholash imkoni tug‘ildi. To‘g‘ri, bu juda mavhum, lekin ehtimoliy zilzilalarni aniqlay olamiz. Biz 2017 yilda ishlab chiqqan xaritada 1000 yil ichidagi eng yuqori xavf namoyon bo‘lgan. Bugungi kunda shu xarita Qurilish vazirligiga berilgan. Umuman olganda, seysmik xavfni baholash jarayoni O‘zbekistonda bir joyda turgani yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgan professor.

Eslatib o‘tamiz, Niderland seysmolog olimi Frank Hogerbits Turkiyaning janubi-sharqi, unga qo‘shni Suriya, Iordaniya va Livan bilan chegaradosh hududlarida yaqin kunlarda 7,5 magnitudalik kuchli zilzila bo‘lishini voqeadan ikki kun oldin prognoz qilgan edi.

Turkiya hukumatining buni e’tiborsiz qoldirgani esa ko‘plab odamlarning qurbon bo‘lishiga sabab bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

zilzila Seysmologiya instituti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing