5 nafar ayol Toshkentda Prezidentning yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti korteji yo‘liga chiqib, uni to‘xtatib, shu orqali davlat rahbariga murojaat qilmoqchi bo‘lgan 5 nafar ayol ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

2019 yil 20 may kuni soat taxminan 08:45 larda fuqarolar Gulbahor Davranbekovna Tashmatova, Malika Abduraimjonovna Xaitova, Muhabbat G‘aniyevna Akbarova , Gulbahor Rustambekovna Karimbekova va Xursanoy Xolboyevna Ergasheva Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi binosi qarshisida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining harakatlanishi uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘nalishda to‘planib, davlat rahbarining mazkur yo‘nalishdan harakatlanishini bilgan holda, maxsus yo‘nalishda harakatlanayotgan kortej yo‘liga chiqib murojaat qilmoqchi bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ushbu fuqarolarga mazkur yo‘nalish bo‘ylab to‘planib turish va davlat rahbariga bunday tarzda murojaat qilish mumkin emasligini, o‘zlarini qiziqtirayotgan savollari bilan tegishli tartibda murojaat qilish lozimligini tushuntirib, maxsus yo‘nalishdan chetroqda turish kerakligini aytganlarida, yuqorida ismlari qayd etilgan fuqarolar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini haqorat qilib, shovqin-suron ko‘tarishib, qonun doirasidagi talablarni bajarishdan bosh tortib, qarshilik ko‘rsatganlariga qaramasdan maxsus yo‘nalish uchun javobgar bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari belgilangan tartibni ta’minlagan.

Yuqorida nomlari zikr etilgan 5 nafar fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha surishtiruvni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlari o‘tkazgan. O‘zlarini “jabrlanuvchi” qilib ko‘rsatayotgan fuqarolarga nisbatan Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv materiallari asosida Sud organi qonuniy baho berib, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilagan.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari sudlarga berilgan vakolatlarga ega emas.


Maqola muallifi

Teglar

Milliy gvardiya Prezident korteji

Baholaganlar

731

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing