41 million odam xavf yoqasida – BMT

Olam

image

Bugungi kunda 41 milliondan ortiq odam ochlikdan aziyat chekmoqda. Shoshilinch choralar ko‘rilmasa, ular o‘ladi va och odamlar soni qor uyumidek ko‘payadi. Bu kecha, 4 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvning leytmotividir.

Qayd etilishicha, hozirgi sharoitda dunyoning 43 mamlakatida yashovchi 41 milliondan ortiq odam ochlik yoqasida turibdi. Efiopiya, Madagaskar, Janubiy Sudan va Yamanda 584 ming kishi esa allaqachon ochlik sharoitida yashamoqda. Ularning ko‘p qismi – ayollar va bolalar.

Afg‘oniston, Venesuela, Gaiti, Gonduras, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Zimbabve, Markaziy Afrika Respublikasi, Suriya, Sudan va Ugandada halokatli vaziyat yuzaga kelgan.

Mutaxassislar dunyodagi ochlikning hozirgi holatini so‘nggi bir necha o‘n yillikdagi eng yomon ahvol deb atashgan. Ular dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi oziq-ovqat bilan bog‘liq holat yaqin kelajakda yomonlashib ketishidan xavotirda. 

“Ochlikdan o‘lishi mumkin bo‘lgan odamlar soni 135 milliondan 270 milliongacha oshdi. Bu butun dunyoda ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradigan o‘ta jiddiy vaziyat. Taxminan 43 mamlakatda 41 million odam oziq-ovqat tanqisligining to‘rtinchi bosqichida yashamoqda. Bu shuni anglatadiki, ochlik allaqachon ularning ostonasida eshik taqillatmoqda”, deydi Butunjahon oziq-ovqat dasturi rahbari Devid Bisli.

Mutaxassislarning fikricha, bunday holat bir necha omillar sababli kelib chiqqan: nizolar, COVID-19 pandemiyasi, ob-havo va iqlimning keskin o‘zgarishi, transchegaraviy zararkunandalar.

Ma’lum qilinishicha, ushbu ofatlarning barchasi, iqtisodiy tanglik va oziq-ovqat mahsulotlarining butun jahonda narxlari oshishi bilan birga, ko‘plab oilalar ovqatlanish ratsionini kamaytirishiga majbur qiladi va hatto, ochlikdan o‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa,  ekinlarini yo‘q qiladigan cho‘l chigirtkalariga dosh berolmaydigan Sharqiy Afrika xalqiga qiyin bo‘ladi. 

“Bugun biz oziq-ovqat inqiroziga duch kelyapmiz. Charchoq va ochlikdan o‘lish haqiqatga aylanib ulgurdi”, deydi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining bosh direktori Syuy Dun’yuy BMTning yuqori darajali tadbirida. 

Shuningdek, u barchani ochlikka qarshi kampaniyaga qo‘shilishga chaqirgan.

BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘yib ovqatlanmaslik darajasi 20 foizdan oshganda, har 10 ming odamning ikkitadan ko‘prog‘i o‘lganida ochlik haqida rasmiy xabar beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

ochlik

Baholaganlar

138

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing