400 millionlik tarixiy tangalarni chetga olib chiqayotgan shaxs ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida miloddan avvalgi II-I asrlardan milodiy XX asrgacha bo‘lgan davrga oid 400 mln so‘mlik tangalarni chet elga olib chiqishga uringan shaxs aniqlandi. Bu haqda bugun, 29 avgust kuni Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temiryo‘l chegara bojxona postida O‘zbekiston hududidan yashirin tarzda noyob tarixiy boyliklarni olib chiqib ketishga uringan shaxs fosh qilingan. Xususan, “Toshkent-Novosibirsk” reysi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdida respublikadan chiqib ketayotgan fuqaroning qo‘l yuki va sumkalari ichida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi vaqtida ma’lum qilinmagan 325 dona qadimiy tangalar, zargarlik buyumlari, artefaktlar, girya va kamon o‘qi uchlari borligi aniqlangan. 

“Ushbu tarixiy ashyolar tarkibidagi 210 dona tangalarni o‘zbek davlatchiligi tarixida vujudga kelgan deyarli barcha davlatlarga taalluqli tangalarning o‘ziga xos kolleksiyasi deyish mumkin”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Badiiy ekspertiza boshqarmasining san’atshunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, mazkur qadimiy ashyolar miloddan avvalgi II-I asrlardan tortib toki XX asrgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Shu bois, mazkur ashyolarning barchasi tarixiy va madaniy qiymatga ega deb topilgan va ularning taxminiy bahosi salkam 400 mln so‘mga baholangan.

Yuqoridagi holatda olib qo‘yilgan 325 dona tarixiy buyumlar O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi fondiga vaqtincha saqlovga topshirilgan.

Ma’lumot uchun, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, Bojxona qo‘mitasi madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiruvchi vakolatli idora hisoblanadi. Mazkur qonunning 8-moddasiga binoan 50 yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iz Respublikasidan O‘zbekistonga noqonuniy ravishda 19 kilogrammdan ortiq tilla buyumlar olib o‘tgan 1991 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ushlangan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent tarixiy tangalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing