Jomboyda 40 nafar pedagogda koronavirus aniqlandi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2020
11323Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 40 nafar maktab o‘qituvchida koronavirus aniqlandi. Bu haqda bugun, 11 sentyabr kuni xalq deputatlari Jomboy tuman kengashining navbatdagi sessiyasida aytib o‘tildi.
Sessiyada maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarini sanitar talablarga muvofiq birlamchi vositalar bilan ta’minlash, dezinfeksiya ishlarini tashkil etish, yangi o‘quv mavsumiga tayyorgarlik holatini muhokama qilish va ta’lim muassasalari faoliyatini tiklash masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, bugun tumandagi 56 ta umumta’lim maktabida 32 349 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yangi o‘quv yilida 3 568 nafar bola 1-sinfga qabul qilingan.
“Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida 48 ta maktab jamoasi tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Jarayonga 1934 nafar o‘qituvchi qamrab olindi. Afsuski, dastlabki natijalar 40 nafar pedagogda “COVID-19” infeksiyasi mavjudligini tasdiqladi. Yana 28 ta maktab o‘qituvchilaridan olingan test natijalari kutilmoqda. Xastalikka chalingan xodimlar ta’lim jarayoniga jalb etilmaydi. Ular onlayn tarzda ish faoliyatini davom ettirishi mumkin”, degan sessiyada qatnashgan Jomboy tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Z.Yusupova.
Shuningdek, axborotda aytilishicha, maktablarda oraliq masofani saqlash, o‘quvchilarni zarur tibbiy vositalar bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan. Har bir muassasada alohida tibbiyot xonasi tashkil etilgan. Ularda tibbiyot birlashmasidan biriktirilgan hamshiralar faoliyat yuritadi.
Sessiyada so‘nggi kunlarda koronavirusga chalinganlar sonining ortishidan kelib chiqib, yangi o‘quv yilini tumandagi ikkita – 34 va 38-umumta’lim maktablarida 14 sentyabrdan emas, 16 sentyabrdan tajriba-sinov sifatida boshlash taklif qilingan.
Shuningdek, COVID-19 aniqlanmagan 12 ta maktabda darslarni 21 sentyabrdan tegishli ketma-ketlikda boshlash mavzusi kun tartibiga qo‘yildi. Qolgan maktablar faoliyatini tiklash vaziyatdan kelib chiqib hal qilinishi tavsiya etilgan.
Sessiyada tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri D.Obloqulova hududdagi bolalar bog‘chalari faoliyatini 14 sentyabrdan tiklashni taklif qilgan.
Deputatlar tomonidan axborotda aynan qaysi MTMlar mavsumga tayyor ekaniga oydinlik kiritilmagani tanqid qilindi. Shuningdek, bu borada o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 44,7 ota-onalarning rozilik bildirishi qaror qabul qilish uchun kamlik qilishi aytilgan.
Sessiyada maktablarda yangi o‘quv yilini 16 sentyabrdan bosqichma-bosqich tarzda boshlash taklifi ma’qullandi. Tuman MTT mudirining axboroti deputatlar tomonidan rad etildi va keyingi sessiyalarda qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan. Jomboydagi bog‘chalar hozircha ochilmaydigan bo‘ldi.
LiveBarchasi