Jomboyda er xotinini o‘lasi qilib kaltakladi (video)

3-sahifa

image

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida er o‘z xotinini ayovsiz kaltakladi. Kelinning qaynonasi va qayin opasi esa uni o‘zini o‘ldirishga da’vat qilib, kanal ustidagi ko‘prik ustiga tashlab ketilgani aytilmoqda. Bu haqda jabrlangan ayolning otasi murojaat bilan chiqdi. Shuningdek, holat yuzasidan Jomboy tumani hokimligi munosabat bildirdi.

Ota ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan murojaatda kuyovi uch oy oldin qizining jag‘ini, tishlarini sindirib tashlagani, biroq 3 bolasi uchun kuyovini kechirganini aytgan. Shuningdek, u bundan ichki ishlar organlari ham xabardor ekanini bildirgan.

“Bu safargisida shisha parchalari bilan yuz qismiga, tana qismlariga, bir necha joyiga jarohat yetkazib, uyiga qon jo‘shagan holatda tashlab ketgan. Shundan keyin qaynonasiga “kasalxonaga olib boring” desa, “uyimizni sharmanda qilyapsanmi, men seni davolataman” deb, rayonda o‘tiradigan qizini chaqirgan. U kelguncha yarim soat, bir soat vaqt o‘tib, qonga belanib yotgan qizimni bular aldab, “kasalxonaga olib boraman, yiqildim deb aytasan” deb, yo‘lda har xil haqoratli so‘zlar bilan asabiga tegib, o‘zini o‘ldirishga majburlab, Mirzaariq kanalining ustidagi ko‘prikka qon jo‘shagan holatda tashlab ketgan”, deydi ota o‘z murojaatida.

Tuman hokimligiga ko‘ra, ushbu holat mutasaddilar tomonidan zudlik bilan o‘rganilgan. Tuman hokimi Xurshid Nazarov hamda ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ma’ruf Shermuhammedov, profilaktika inspektori ishtirokida holat nazoratga olingan.

Bildirilishicha, hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Surishtiruv yakunlariga ko‘ra, huquqiy baho beriladi. Jabrlanuvchi ayol shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Holat yuzasidan olib borilayotgan barcha ishlar mutasaddi tashkilotlar nazoratida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 47 yoshli qaynona kelinning uyidagi ishlarini bilmasligini bahona qilib, uni kaltaklab, ruhiy bosim o‘tkazishi oqibatida kelin o‘z joniga qasd qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing