4 yil ichida odam savdosi qurbonlari soni 43 foizga oshdi – BMT
Olam
−
11 dekabr 2024
1311COVID-19 pandemiyasi davridagi pasayishdan so‘ng dunyoda odam savdosi yana o‘sish bosqichiga o‘tdi. Xususan, 2022 yilda odam savdosi qurbonlari soni 2019 yilga nisbatan 25 foizga va 2020 yilga nisbatan 43 foizga oshgan. Bu haqda bugun, 11 dekabr kuni e’lon qilingan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, odam savdosi o‘sishining asosiy sabablari qashshoqlik, qurolli mojarolar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. 2022 yilda kamida 162 millat vakillari odam savdosi qurboni bo‘lib, 128 davlatga sotilgan. Qurbonlarning eng katta qismi Shimoliy Afrika va Sahroyi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlaridan (31 foiz) bo‘lgan. Ikkinchi o‘rinda Yevropa mamlakatlari (27 foiz) turadi, ayniqsa Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlarida (12 foiz) ko‘proq kuzatiladi. Markaziy Osiyoda ham ko‘rsatkichlar pandemiyadan oldingi darajadan yuqoriligicha qolmoqda.
Bundan tashqari, bolalar savdosi qurbonlari soni 2022 yilda 2019 yilga nisbatan 31 foizga oshgan. Ko‘pincha qiz bolalar (38 foiz) odam savdosining qurboniga aylanib, yuqori daromadli davlatlarga ham sotilgan. Umuman olganda odam savdosi qurbonlarining 61 foizini ayollar va qiz bolalar tashkil etadi. O‘g‘il bolalar asosan majburiy mehnat (45 foiz), tilanchilik yoki jinoiy faoliyatga majburan jalb qilish uchun sotilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UNODC 2023 yilda dunyo bo‘ylab 85 ming ayol va qiz qasddan o‘ldirilgani va bu ularning 51 mingga yaqini (60 foizi) turmush o‘rtog‘i yoki boshqa oila a’zolari tomonidan sodir etilgani bo‘yicha hisobot e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi