39 davlat Ukrainadagi jinoyatlarni tergov qilish talabi bilan XJSga murojaat qildi

Olam

image

Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xon 39 davlatning murojaatidan so‘ng Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha tergov boshlanganini e’lon qildi. 

“Xalqaro jinoiy sud prokuraturasi Ukraina hududida sodir etilgan ehtimoliy jinoyatlar yuzasidan tergov boshladi”, deyiladi prokuror Karim Xon yozma bayonotida. 

Xonning so‘zlariga ko‘ra, XJSga a’zo bo‘lgan 39 davlat prokurordan Ukrainadagi vaziyatni tekshirishni so‘ragan. Prokuror genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar dalillarini to‘plash bo‘yicha ishlar boshlanganini ta’kidladi

Rossiya va Ukraina Xalqaro jinoiy sudga a’zo bo‘lmaganiga qaramay, 39 davlatdan kelgan murojaatlar prokuraturaga Ukrainaning istalgan hududida sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsidlar yuzasidan tergov boshlash imkonini beradi. 

Rim nizomini ratifikatsiya qilmagan Ukraina, avvalroq 2013 yil 21 noyabrdan buyon o‘z hududida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar ustidan sud yurisdiksiyasini tan olish to‘g‘risida ikkita ariza bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 fevral kuni Ukraina Rossiyaga qarshi da’vo arizasi bilan Gaagadagi Xalqaro sudga rasman murojaat qilgandi. 7-8 mart kuni XJS Ukrainaning Kiyev genotsidda ayblayotgan Rossiyaga nisbatan vaqtinchalik choralar ko‘rish talabini ko‘rib chiqadi

Xalqaro Sud Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) asosiy sud organi hisoblanadi. U Gaagadagi (Niderlandiya) Tinchlik saroyida joylashgan bo‘lib, 1946 yildan beri faoliyat yuritadi va xalqaro huquq normalariga muvofiq davlatlar o‘rtasidagi huquqiy nizolarni hal qiladi.

Davlatlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqishda sud ochiq sud majlislarini o‘tkazadi, unda taraflarning vakillari va advokatlari so‘zga chiqadi, so‘ngra ishni yopiq majlislarda muhokama qiladi va qaror chiqaradi. Ushbu qaror yakuniy hisoblanadi va shikoyat qilinishi mumkin emas. Agar jarayonda ishtirok etayotgan davlatlardan biri unga rioya qilmasa, ikkinchi tomon BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilishi mumkin.

1946 yildan beri sud quruqlik va dengiz chegaralari, hududiy suverenitet, kuch ishlatmaslik, xalqaro gumanitar huquqni buzmaslik, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, diplomatik munosabatlar, garovga olish, boshpana huquqi, fuqarolik, vasiylik, xalqaro bo‘g‘ozlardan tinch o‘tish huquqi va iqtisodiy huquqlarga oid nizolar bo‘yicha 139 ta hukm chiqargan.

Biroq, Xalqaro Sud nizoni faqat manfaatdor davlatlar uning yurisdiksiyasini, shu jumladan bahsli masalada tan olgan taqdirdagina ko‘rib chiqishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Xalqaro jinoiy sud

Baholaganlar

79

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing